O‘zbekiston | 17:18 / 10.12.2020
5734
4 daqiqa o‘qiladi

«Indekslardagi o‘rnimiz biz uchun ahamiyatga ega, lekin pirovard maqsad emas» - Ruslanbek Davletov

«O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni baholash» mavzusidagi II xalqaro reytinglar forumi bo‘lib o‘tdi.

Unda so‘z olgan O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov so‘nggi yillarda qabul qilinayotgan hujjatlar ko‘lami bir necha barobarga oshgani haqida to‘xtaldi.

«Juda katta islohotlar natijasida qonunchilikdagi aktlar soni geometrik progressiyada oshib ketdi. So‘nggi 4 yil ichida 10 mingdan ortiq qonun hujjati – qonunlar, qonunosti hujjati, prezident qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari qabul qilingan bo‘lsa, bular mustaqillik davrida qabul qilingan hujjatlarning 30 foizini tashkil etyapti.

Vazirlar Mahkamasi qarorlarini qabul qilish yiliga 3 barobardan oshdi. Prezident hujjatlari 4 barobarga oshdi. Bu degani bizga, huquqshunoslarga bo‘lgan yuklamalarning keskin oshishiga olib keldi.

Biz talabga yarasha ishlashga harakat qilyapmiz. Bu borada o‘zimizning ishimizni ham qayta ko‘rib chiqyapmiz», – deya Ruslanbek Davletovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

U qonun hujjatlarini ishlab chiqishda shakllantirilgan tamoyillar haqida ham gapirdi.

«Ma'lum bir tamoyillarni ham shakllantirib oldik. Birinchi tamoyilimiz bu – qilayotgan yangiligimiz hech qachon teskari bo‘lmasligi kerak, ya'ni qiyinchilik tug‘dirmasligi, byurokratiyaga olib kelmasligi kerak.

Ikkinchidan, biz oqilona tartibga solish konsepsiyasini oldinga suryapmiz. Bu nimadan dalolat beradi? Birinchidan, qabul qilinayotgan hujjatlarning ta'sirini baholash tizimini kirityapmiz. Ya'ni bu qanday oqibatlarga olib keladi, unga rioya qilish xarajatlari tadbirkorlar uchun qanday bo‘ladi, fuqarolar hayotiga yengillik olib keladimi yoki yo‘qmi – shularni oldindan tahlil qilish tizimini ishga kirityapmiz.

Undan tashqari, regulyator gilotina degan prinsipni kirityapmiz. Chunki bugungi kunda huquqiy hujjatlar massasi tadbirkorlarning bo‘ynida turibdi. Buning hammasini ham tushunib, oxiriga yetish, uning ichidagi talablarni bilish tadbirkorlar uchun juda qiyin.

Oxirgi misollardan birini aytadigan bo‘lsak, prezidentning 500ta hujjatlari bir qarorning o‘zi bilan bekor bo‘ldi. Xuddi shunday yana 2 mingta hujjat hozir hukumat darajasida ko‘rib chiqilyapti. 2 mingta to‘g‘anoq bo‘layotgan hujjatlarni biz gilotina prinsipi asosida yo‘qotishni ko‘zda tutyapmiz», – dedi adliya vaziri.

Ruslanbek Davletov pirovard maqsad – O‘zbekistonning xalqaro indekslardagi o‘rni emas, hayotni yengillashtirish ekanini aytib o‘tdi.

«Xalqaro indekslar bo‘yicha bir narsani biz har doim aytib kelamiz. Indekslardagi o‘rnimiz biz uchun ahamiyatga ega, lekin pirovard maqsad emas. Pirovard maqsadimiz – hayotni yengillashtirish, tizimni liberallashtirish, davlat organlarining mas'uliyati va samaradorligini oshirish.

Shuni qilsak, reytinglar o‘z-o‘zidan oshadi. Faqat biz reytinglar bo‘yicha shunday bir yondashuv qilyapmizki, u yerdagi baho berish metodologiyasini juda chuqur o‘rganib, hammasini aniq bilsakkina, o‘zimizda yetishmayotgan bo‘g‘inlarni to‘ldirib borishimiz mumkin», – dedi Davletov.

Гулзода Иброҳимова
Tayyorlagan Гулзода Иброҳимова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid