Jahon | 22:52 / 11.12.2020
10971
2 daqiqa o‘qiladi

Eronning Ozarboyjondagi sobiq elchisi Bokuga Anqaradan ehtiyot bo‘lishni tavsiya qildi 

Eronning Ozarboyjondagi sobiq elchisi Muhsin Pakayin Tehron Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni tanqid qilgandan keyin Bokuga Anqaradan ehtiyot bo‘lishni tavsiya qildi.  

Foto: RIA Novosti

Eron tashqi ishlar vazirligi 11 dekabrda Turkiyaning Tehrondagi elchisini  chaqirtirib, unga Erdo‘g‘an Bokudagi harbiy paradda ozarboyjonlik shoir Baxtiyor Vahobzodaning she'ridan parcha keltirgani uchun norozilik bildirgandi. Ushbu she'rda Eronning aksariyat aholisi ozarlar bo‘lgan Sharqiy va G‘arbiy Ozarboyjon viloyatlari hamda Ozarboyjon chegarasidagi Araz (Araks) daryosi yodga olingan bo‘lib, Erdo‘g‘an keltirgan parchada “daryo bo‘laklangani” haqida aytilgan. Taxminlarga ko‘ra, aynan shu holat Tehronning noroziligiga sabab bo‘lgan. Shuningdek, “Araz-Araz” deb nomlangan ushbu she'r turkiy xalqlarni birlashtirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlovchi ayirmachilarning shiori hisoblanadi.           

“Erdo‘g‘an ushbu she'rni o‘qishi bilan tarix, geografiyani bilmasligini hamda asarning o‘zini va hududdagi vaziyatni tushunmasligini ko‘rsatdi. U Eronning ozarlar yashaydigan viloyatlarining Erondan ajratilishi masalasini ko‘tardi hamda Ozarboyjon mustaqilligini shubha ostiga qo‘ydi. Anqara o‘z do‘stligi bilan Bokuga yomon xizmat ko‘rsatmoqda: Boku Anqaradan ehtiyot bo‘lishi lozim”, deb yozgan Pakayin tvitterda.      

Erdo‘g‘an 10 dekabrda Bokuda Ozarboyjon qurolli kuchlarining Tog‘li Qorabog‘dagi g‘alabasi sharafiga o‘tkazilgan harbiy paradda ishtirok etgandi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid