Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShda koronavirusga qarshi vaksinadan favqulodda vaziyatlarda foydalanishga ruxsat berildi
Vaksina birinchi navbatda tibbiyot xodimlari va qariyalar uyida yashovchi keksalar uchun bo‘lishi kerakligi aytilmoqda.
AQSh Mahsulot va dori vositalari nazorati boshqarmasi mamlakatda Pfizer/BioNTech vaksinasidan favqulodda vaziyatlarda foydalanishga ruxsat berdi, deb yozmoqda BBC.
Prezident Donald Trampning ma'lum qilishicha, ommaviy vaksinatsiya “24 soat ichida” boshlanadi. Bunda eng birinchi navbatda xavf guruhidagilar emlanadi.
Pfizer shu oy oxirigacha AQShga 6,4 million doza vaksina yetkazib berishni rejalashtirgan. Har bir kishiga 2ta doza hisoblansa, bu 3 million kishiga yetadi. AQSh aholisi esa 330 million.
AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, vaksina birinchi navbatda 21 million nafar tibbiyot xodimi va qariyalar uylarida yashovchi 3 million nafar keksa uchun bo‘lishi kerak.
Ammo mamlakat bo‘yicha muhim bo‘g‘inlarda ishlovchi kishilar soni taxminan 87 million. Ularga vaksina qanday taqsimlanishi haqida hali ko‘p narsa aniq emas. Qaysi soha xodimlari birinchi navbatda emlanishi haqida shtatlar qaror qabul qilishi aytilmoqda.
Rasmiylarga ko‘ra, AQShda yuqori xavf guruhida bo‘lmaganlar koronavirusga qarshi vaksinani 2021 yil bahorda olishadi.
AQSh buyurtma bergan yana bir vaksina – Moderna ham hozirgi kunda Milliy tibbiyot institutida o‘rganilmoqda, u ham yaqin orada favqulodda vaziyatlarda qo‘llash uchun tasdiqlanishi kutilmoqda.
Pfizer/BioNTech vaksinasini esa hozirgacha AQShdan tashqari Buyuk Britaniya, Kanada, Bahrayn va Saudiya Arabistonida favqulodda vaziyatlarda foydalanish uchun ma'qullangan.