O‘zbekiston | 08:41 / 14.12.2020
2323
3 daqiqa o‘qiladi

Transport vazirligining Rossiya, Xitoy va Turkiyada vakolatxonalari tashkil etiladi

O‘zbekiston transport-logistika faoliyati samaradorligini oshirish va xorijiy davlatlarda transport sohasiga doir manfaatlarini ta'minlash maqsad qilingan.

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy yuk tashuvlarini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Transport vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining xorijiy mamlakatlar, birinchi navbatda, Rossiya, Xitoy va Turkiyada Transport vazirligining vakolatxonalarini, shu jumladan savdo-investitsiya uylari shaklida tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinishi mumkin.

Transport vazirligi xorijiy vakolatxonalarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

  • respublika tashqi savdo operatsiyalarini transport bilan ta'minlashda tizimli yondashuvni shakllantirish;
  • O‘zbekiston tashqi savdo yuklarini tashish bo‘yicha transport yo‘laklarini optimallashtirish;
  • O‘zbekiston yuk tashuvlari va milliy tashuvchilarini xorijiy mamlakatlar hududi orqali tranzit chog‘ida kamsitishdan himoya qilish;
  • O‘zbekiston transport vositalarini qaytishda yuk bilan ta'minlash;
  • tashqi savdo yuklarini O‘zbekistonga va O‘zbekistondan tashish chog‘ida sifatli transport-ekspeditorlik xizmatlarini taqdim etish;
  • O‘zbekiston yuklarini tashishda foydalaniladigan tranzit hududlar, dengiz portlari, logistika markazlarida (quruq portlarda) yuk tashuvlar hajmini bir joyga to‘plash hisobiga tariflardan barqaror chegirmalar olish;
  • Sariq dengiz portlari - Markaziy Osiyo - Yevropa yo‘nalishi bo‘ylab temir yo‘l tashuvlari uchun o‘tuvchi tarifni belgilash bilan bog‘liq masalalarni hal qilish;
  • respublikani jahon transport tizimiga integratsiyalash va O‘zbekiston iqtisodiyotining tranzit salohiyatini amalga oshirish.

Belgilab qo‘yilishicha:

  • vakolatxonalar O‘zbekiston va qaysi davlat hududida yaratilgan bo‘lsa, shu davlatning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z xarajatlarini o‘zi qoplash va o‘zini o‘zi moliyalashtirish prinsiplari asosida faoliyat yuritadi;
  • vakolatxonalar xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish O‘zbekiston transport vaziri tomonidan amalga oshiriladi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid