Jahon | 19:04 / 15.12.2020
26806
7 daqiqa o‘qiladi

Navalniyning zaharlanishi. OAVda unga suiqasd uyushtirgan FXX xodimlari nomi oshkor qilindi

Bellingcat, Der Spiegel va CNN birgalikda rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishi borasida jurnalistik surishtiruv o‘tkazdi. Bu nashrlar Navalniyni avvaliga Novosibirskda, keyinchalik u zaharlangan Tomskda ta'qib qilgan Rossiya federal xavfsizlik xizmati xodimlaridan uch nafarining shaxsini aniqlashgan. Shuningdek, yana besh nafar FXX xodimi jarayonni nazorat qilishda qatnashgan. Xususan, Navalniy ichida bo‘lgan samolyot favqulodda qo‘ngan Omskda ham FXX xodimlari bo‘lgan.

Foto: Maksim Shemetov / Reuters / Scanpix / LETA

Bellingcat boshchiligidagi jurnalistlar guruhi Navalniyni zaharlash ishi bo‘yicha chuqur surishtiruv o‘tkazib, avvalo telefon suhbatlarini tinglashning uddasidan chiqqan. Ko‘plab telefon suhbatlari tahlillari orqali jurnalistlar FXX xodimlari Aleksey Navalniyni ko‘p vaqt davomida ta'qib qilishgan. 2020 yil avgust oyida Navalniy Sibirga borishidan bir necha hafta oldin maxsus tezkor guruh xodimlari fosfororganik toksin bo‘yicha mutaxassislar bilan gaplashgan. Bellingcat'ning xulosasiga ko‘ra, bu xodimlarning barchasi Rossiya FXXning «kriminalistlari»dan bo‘lgan. Bu guruhni 34 435 guruhi deb ham atashadi. Surishtiruv xulosasiga ko‘ra, aynan shu sakkiz nafar tezkor xodim Navalniy zaharlanishidan bir necha soat oldin ham uni ta'qib qilgan.

Ular kim edi?

Bellingcat, Der Spiegel va CNN birgalikda o‘tkazgan surishtiruvda Navalniyni zaharlashda ishtirok etgani aytilayotgan FXX tezkor guruhi vakillarining ismlari ham e'lon qilingan.

Aleksey Aleksandrov (tezkor guruhdagi ismi «Aleksey Frolov»). U Moskva tibbiyot institutini tamomlagan va avvaliga tez yordamda, keyinchalik harbiy vrach sifatida ishlay boshlagan. 2013 yildan buyon Rossiya FXXda ishlab kelayotgan Aleksey Aleksandrov Navalniy zaharlangan kuni Tomskda bo‘lgan, lekin turli ismlar bilan sayohat qilib, har xil telefonlardan foydalangan. U tezkor guruhning asosiy vakili bo‘lgani aytilmoqda.

Ivan Osipov. U ba'zan Ivan Spiridonov ismi bilan ham sayohat qilgan. Bu shaxs ham mutaxassisligi bo‘yicha shifokor. Osipov 2012 yildan «VKontakte»da yozishni bas qilgan va katta ehtimol bilan shu vaqtdan FXXga ishga o‘tgan.

Vladimir Penyayev. FXX kriminalistika institutiga ishga kirishdan avval FXX chegara qo‘shinlari safida xizmat qilgan. Ma'lum bo‘lishicha, u Navalniy bilan bitta ko‘p qavatli uyda yashagan. Zaharlanish voqeasidan keyin manzilini o‘zgartirgan va Lubyanka ko‘chasiga ko‘chgan. Bu ko‘chada FXXning bosh binosi joylashgan.

Shuningdek, surishtiruvda Aleksandrov, Osipov va Penyayev bilan birga ishlagani taxmin qilinayotgan boshqa xodimlarning ham nomlari keltirilgan. Ulardan biri Oleg Tayakin. U odatda boshqa xodimlarning markaz bilan aloqasini nazorat qilgan. E'tiborli jihati, u ham kasbi bo‘yicha shifokor va FXX kriminalistika institutida ishlaydi.

Yana bir gumondor Konstantin Kudryavsev bo‘lib, u Shixandagi harbiy qismda xizmat qilgan. Aynan shu yerda sobiq ittifoq davrida kimyoviy qurol ishlab chiqilgan. Yuz minglab telefon qo‘ng‘iroqlarini tahlil qilgan jurnalistlar operatsiya boshida polkovnik Stanislav Makshakov turgan degan xulosaga kelishgan. Bu inson asli olim va Shixan-1 shaharchasidagi yopiq harbiy organik sintez institutida tadqiqotlar olib borgan. Bu laboratoriyada yangi turdagi kimyoviy qurollar ishlab chiqarilgani aytiladi.

VVS ismi qayd etilgan odamlarni bilish-bilmasligi borasida Aleksey Navalniyga so‘rov yuborgan, lekin siyosatchi ularning birortasini tanimasligini ma'lum qilgan.

Sibirda nima bo‘lgan edi?

Jurnalistlar voqealar rivojini quyidagicha tiklashga urinishdi.

Aleksey Navalniy 13 avgust kuni Novosibirskka boradi. O‘sha kuni u yerga Aleksandrov, Osipov va Panayev ham boradi. Navalniy va guruhi Novosibirskdan Tomskka borganda, bu uch kishi ham ularning ortidan harakatlanadi. Keyin Navalniy Moskvaga qaytish uchun chipta sotib olganda, Aleksandrov, Osipov va Panayev ham poytaxtga chipta oladi.

Navalniy yashagan Tomskdagi mehmonxona

Tezkor guruh xodimlari ayniqsa 19 avgust kuni tunda Moskva bilan ko‘p yozishishadi. Katta ehtimol bilan Navalniy aynan shu tunda zaharlangan. O‘sha kuni Navalniy Tomskdagi kichik daryoga cho‘milgani boradi va kechki soat 23:00larda jamoasi bilan uchrashadi. Jurnalistlarning ma'lum qilishicha, o‘sha vaqtda tezkor guruh vakillari bir necha marta Moskvaga telefon qilgan va ulardan biri telefonda gaplashgan vaqtida Navalniy yashagan mehmonxonadan bir necha daqiqalik yo‘lda bo‘lgan. Shuningdek, Moskva bilan bir nechta sms almashilgan. Keyingi kuni ertalab soat oltida ham xodimlardan biri Moskvaga sms yuboradi. Bu vaqtda Navalniy mehmonxonadan chiqib aeroport tomonga ketgan bo‘lgan.

«FXX kriminalistika instituti»

Surishtiruv davomida tez-tez yodga olingan FXX kriminalistika instituti rasman sud-medekspertiza va portlash bo‘yicha surishtiruvlar o‘tkazish bilan shug‘ullanadi. Biroq bu yerda ishlab ketgan agentlarning aytishicha, markaz tarkibida yashirincha laboratoriya ham bor. KGB sobiq generali Oleg Kaluginning aytishicha, bu yashirincha laboratoriyada ishlab chiqilgan ritsin moddasi 1979 yilda Londonda bolgariyalik yozuvchi Georgiy Markovni soyabon vositasida o‘ldirishda ishlatilgan.

Navalniy yotqizilgan Omskdagi shifoxona 

Ayni damda AQShda yashayotgan va ismi sir qolishini istagan sobiq KGB ofitserining Bellingcat'ga ma'lum qilishicha, og‘u ishlab chiqarish bo‘yicha KGBning asosiy laboratoriyasi Moskva janubida joylashgan. Telefon suhbatlari tahliliga ko‘ra yuqorida nomi zikr etilgan insonlar ko‘p vaqtini aynan o‘sha hududda o‘tkazgan.

Bellingcat xulosasiga ko‘ra, bu yashirin laboratoriyada kamida 15 nafar tezkor xodim (operativniklar) ishlaydi va ulardan kamida sakkiz nafari Navalniyni zaharlashda qatnashgan. Shuningdek, surishtiruvda Navalniyni bundan oldin kamida yana bir marta zaharlashga urinishgani aniqlangan. Ya'ni 2020 yil iyulda siyosatchi xotini Yuliya bilan Kaliningradga ketayotganda ularga suiqasd uyushtirilgan.

Bellingcat o‘z surishtiruvida «qora bozor»dan olingan ma'lumotlardan foydalanganini ham yozgan. Shuningdek, surishtiruv oxirida aytishicha, «qora bozor»dan olingan ma'lumotlar aniq bo‘lishi uchun boshqa manbalar bilan ham solishtirilgan. VVS bu surishtiruv bo‘yicha Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovga murojaat qilgan, lekin javob bo‘lmagan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Peskov keyingi ikki kun davomida odatiy brifinglarni to‘xtatib turadi. Surishtiruvlar OAVda e'lon qilingach, bo‘lajak brifinglarda asosan shu masala bo‘yicha savollar berilishi kutilayotgandi.

Mavzuga oid