O‘zbekiston | 21:25 / 15.12.2020
9550
5 daqiqa o‘qiladi

Ombudsman pandemiya davrida mahkumlardan ko‘proq qanday shikoyatlar tushganini ma'lum qildi

Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyev pandemiya davrida jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar asosan nimalardan shikoyat qilganini ma'lum qildi.

«Hamma mamlakatlarda aynan pandemiya sharoitida fuqarolarning huquqlarini ta'minlash, bu jarayonda esa, ayniqsa, mahkumlarning, ya'ni yopiq muassasalarda saqlanayotgan insonlarning huquqlarini ta'minlash ustuvor masalaga aylandi. Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a'zosi baronessa Viven Stern o‘z chiqishida ko‘pgina qamoqxonalar mahkumlar bilan to‘lgani va ular qiyin ahvoldaligini aytdi.

O‘zbekistonda o‘tgan yildan boshlab ombudsman huzurida milliy primitiv mexanizmlar instituti shakllandi va uning doirasida biz hozir monitoringlarni amalga oshiryapmiz. Monitoringlarimiz pandemiya sharoitida ham to‘xtagani yo‘q. Xodimlarimiz maxsus kiyimlarda, sanitar xavfsizlikni ta'minlagan holda jazoni ijro etish muassasalariga tashrif buyurishdi.

Mana shu jarayonda yil davomida 4 mingdan ortiq mahkum bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Uchrashuvlar davomida ularning murojaatlarini ham tingladik. Ko‘plab mahkumlar qarindoshlari ularni ko‘rishga kelib-ketishga qiynalayotganini aytib, uylariga yaqin bo‘lgan muassasalarga ko‘chirishga yordam berishimizni so‘rashdi. Bu masalaga mutasaddilar bilan birgalikda yechim topishga harakat qildim.

Ba'zi bir mahkumlar sog‘lig‘ini tiklash masalasida ham murojaat qilishdi. Ularning murojaatlarini ham ko‘rib chiqib, Toshkent shahridagi mahkumlar davolanadigan shifoxonalarda muolaja olishlariga ko‘maklashdik. Shuning barobarida ushbu shifoxonada ham o‘z monitoringlarimizni amalga oshirdik.

2020 yilning o‘zida 70dan ortiq monitoringni amalga oshirdik. Faqat jazoni ijro etuvchi muassasalar emas, balki umuman yopiq muassasalar faoliyati o‘rganildi. Aytaylik, ruhiy yoki yuqumli kasalliklar bilan bog‘liq bo‘lgan turli toifadagi shifoxonalar, pandemiya davrida koronavirus bilan kasallanganlarni davolash uchun tashkil etilgan alohida davolash maskanlariga tashrif buyurdik. Fuqarolarning murojaatlari asosida u yerdagi sharoitni o‘rgandik.

Tashrif jarayonida bemorlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, nafaqat bu yerda davolanayotgan fuqarolar, balki tibbiyot xodimlarining ham huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘zimizning tavsiyalarimizni berdik.

Masalan, bizga tibbiyot xodimlari maoshini o‘z vaqtida ololmayotgani haqida ham murojaatlar bo‘lgandi, keyinchalik bu masalalar o‘zining yechimini topdi. Shu nuqtayi nazardan bu monitoringlar juda ham muhim. Biz parlamentga monitoringlarimiz natijasi bo‘yicha o‘z hisobotlarimizni taqdim etdik», – dedi Ulug‘bek Muhammadiyev 11 dekabr kuni O‘zbekiston Ombudsman institutining 25 yilligi va Xalqaro inson huquqlari kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan onlayn konferensiyada.

Ombudsmanning ta'kidlashicha, mahkumlarning qarindoshlari va ularning advokatlari pandemiya davrida uchrashuvlar bo‘lmaganidan norozi bo‘lishgan.

«Pandemiya davrida mahkumlarning qarindoshlari bilan uchrashuvlari cheklandi. Bundan mahkumlarning qarindoshlari bo‘lgan ko‘plab fuqarolar norozi bo‘lib, ombudsmanga murojaat ham qilishdi. Shuningdek, advokatlar ham o‘z mijozlari bilan ko‘risha olmayotganidan shikoyatlar bo‘ldi. Lekin biz ularga sharoitni, bitta mahkumga kasallik yuqadigan bo‘lsa, u qamoqxonadagi hamma mahkumlarga tarqalishini tushuntirdik. Ular ham bizni to‘g‘ri qabul qilishdi.

O‘z navbatida, jazoni ijro etish muassasalarining rahbarlari bilan kelishgan holda pandemiya eng avjiga chiqqanda mahkumlarning qarindoshlari bilan telefon orqali muloqot qilishlariga, shuningdek, advokatlarning mijozlari bilan uchrashishlariga imkoniyat yaratildi. O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanish ko‘rsatkichlari kamayib, eng minimal darajaga tushgani uchun ham yaqindan boshlab esa qisqa va uzoq muddatli uchrashuvlarga ham ruxsat berildi.

Ayni paytda sog‘liqni saqlash tizimidagi ekspertlar, mutaxassislar yana bir yangi to‘lqin bo‘lishi mumkinligini aytishyapti. Shuning uchun bu to‘lqinga ham tayyor turishimiz kerak. Ichki ishlar vazirligi hamda Jazoni ijro etish muassasalari rahbarlari bilan agar yangi to‘lqin kuzatilsa, mahkumlarning oila a'zolari bilan uchrashuvlar uchun yanayam yaxshi bir imkoniyatlar yaratish, aytaylik, oyna ortidan muloqot qilish yoki telefon orqali gaplashishning muddatlarini uzaytirish masalalarini ham kelishib oldik. Shuning uchun bu borada muammo bo‘lmaydi», – deya Ombudsmanning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid