Jazoni ijro etish departamenti 23-son mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonada davolanayotgan og‘ir bemorlar tashxisi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Tibbiyot boshqarmasi bosh inspektor-shifokorlari tomonidan ham tasdiqlanishi lozim.
Ruhiy holati buzilgan mahkumlar ruhiy holati buzilgan shaxslarga yordam ko‘rsatuvchi kasalxonada yoki ruhiy holati buzilgan shaxslarga yordam ko‘rsatuvchi davolash bo‘linmasida statsionar sharoitda sinchiklab tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Sud majlisida bemor mahkum, prokuror, qonunda belgilangan holatlarda himoyachi, uning qonuniy vakili, taqdimnoma kiritgan muassasa boshlig‘i va kasalxona (tibbiyot bo‘limi) mas’ul xodimi hamda bemorning davolovchi (ruhiy holati buzilgan shaxs masalasi ko‘rilayotganda — psixiatr) shifokor ishtirok etadi.
Mahkumni kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilish haqidagi taqdimnoma bo‘yicha qabul qilingan sud qarori ustidan yuqori turuvchi sudga prokuror, mahkum, uning qonuniy vakili va himoyachi tomonidan protest yoki shikoyat kiritilishi mumkin.










