O‘zbekiston | 23:49 / 15.12.2020
8080
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bojxona tartiblarini soddalashtirish bo‘yicha Kioto konvensiyasiga qo‘shiladi

Bu – Jahon savdo tashkiloti tomon tashlangan muhim qadam bo‘lishi ma'lum qilindi.

O‘zbekiston Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va uyg‘unlashtirish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga (Kioto) qo‘shilishi kutilmoqda. Tegishli qonun 18 dekabr kuni Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqiladi.

Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Rahimovning aytishicha, mazkur konvensiyaga qo‘shilish O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti tomon tashlagan muhim qadami bo‘ladi.

«Kioto konvensiyasi Jahon bojxona tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan. Bu tashkilotga hozirda 183 ta davlat a'zo. Shundan 126 tasi konvensiyani ratifikatsiya qilgan. MDH davlatlari ham a'zo bo‘lgan.

Konvensiyani ishlab chiqishdan asosiy maqsad – bojxona tartibotlarini soddalashtirish va uyg‘unlashtirishga turtki berish. Bu o‘z navbatida tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga eksport va import operatsiyalarini amalga oshirishda yengillik va qulayliklar yaratadi.

Bu konvensiyaning 3-bobidagi kabotaj tashuvlaridan tashqari barcha qismlariga qo‘shilmoqdamiz. Kabotajga qo‘shilmasligimizga sabab – ichki avtotashuvchilarimizni himoya qilish.

Mazkur konvensiya a'zosiga aylansak, Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish imkoniyatimiz oshadi», – dedi Baxtiyor Rahimov 15 dekabr kuni Senatning Xalqaro munosabatlar qo‘mitasi o‘tkazgan majlisdan so‘ng jurnalistlarga bergan intervyusida.

Majlisda O‘zbekistonning mazkur xalqaro hujjatga qo‘shilishi kelgusida bir qator xalqaro indekslarda mamlakat reytingini oshirish, milliy bojxona qonunchiligini takomillashtirishning strategik yo‘nalishlarini belgilash va mamlakat investitsiya muhitini yanada yaxshilash kabi ko‘plab imkoniyatlarni taqdim etishi qayd etildi.

Mavzuga oid