Shodmonali Teshaboyevlar oilasi o‘z hunarining ustasi sifatida hurmat topgan. Xonadondagi ustaxonada qirqdan ziyod turdagi savatlar to‘qiladi.
Mahsulotlar – xaridorgir. Usta doimiy mijozlarning buyurtmalari asosida ish olib boradi. Hunarmand qo‘ni-qo‘shnilarini ham ish bilan ta'minlagan.



«Mana shu hunar bilan 20 yildan beri shug‘ullanib kelyapmiz. Ota-bobomizdan qolgan kasb. Shuning orqasidan oila boqyapmiz. Allohga shukr, shunchalik rizqini beryapti. Mana shu hunar orqasidan shogirdlar yetishtiryapmiz.

Oldinlari oddiy non savat bo‘lgan bo‘lsa, hozir mana, 40 xilga yetkazdik. Oddiy savat bor, «korzinka», qopqoqli savat, «gul savat», yurak shaklidagi, kvadrat va yana har xil turlari bor.
Birinchi bo‘lib ayolim, keyin farzandlarim o‘rgandi. Hozir oilaviy shu hunar bilan shug‘ullanamiz», – deydi Shodmonali Teshaboyev.
Hunarmand bizga mahsulot qanday tayyorlanishini bosqichma-bosqich ko‘rsatib berdi. Savat asosan toldan tayyorlanadi. Tol novdalari kesib olingach, novda qaynatib olinadi. So‘ng po‘stlog‘idan tozalanib ishlov beriladi. Bu ish bilan qo‘shni ayollar shug‘ullanar ekan.
«Biz tol novdasini olib, uning po‘stlog‘ini archib beramiz. Bir kunda 10 bog‘dan novda archiyman. Bir bog‘i 4 ming so‘mdan. Kuniga 40 mingdan pul topamiz», – deydi qo‘shni ayol Gulshanoy Qo‘chqorova.

















