O‘zbekiston | 11:01 / 19.12.2020
16367
3 daqiqa o‘qiladi

Madaniyat vazirligida 12 mlrd so‘m budjet mablag‘i talon-toroj qilingan

Madaniyat vazirligida amalda yetkazib berilmagan mahsulotlar, bajarilmagan ishlar va ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun 12 mlrd so‘m budjet mablag‘i talon-toroj qilingan. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, budjet ijrosiga qarab islohotlarning qanday kechayotganini bilib olish mumkin. 

“To‘g‘ri, bu yil oson bo‘lmadi. Shunga qaramasdan 9 oy davomida ko‘p ish qilingan. Biroq muammolar ham yetarli. Ayniqsa, mahalliy budjetlar bilan bog‘liq tizimli muammolarning saqlanib qolayotgani hududlar palatasi sifatida bizni tashvishlantirishi tabiiy. Xususan, mahalliy budjetlarda hosil bo‘lgan qo‘shimcha mablag‘larning 10 foizini jamoatchilik takliflariga ko‘ra yo‘naltirishning samarali, ochiq va shaffof tizimini yaratishga ehtiyoj bor. Umuman, mahalliy budjetlarga qo‘shimcha manbaning aniqlanishi va sarflanishi masalalarini qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq”, - deydi Tanzila Norboyeva.

Qayd etilishicha, Senat shu yilning oktyabr oyida Hisob palatasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatida mahalliy budjetlar qo‘shimcha daromadlari hisobidan ajratilgan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish holatini o‘rgangan. 146,5 mlrd so‘mlik xato va kamchiliklar aniqlangan. Qurilishda qariyb 8 mlrd so‘mlik xarajatlar ortiqcha va yuqori narxlarda kiritilgan. Bajarilmagan ishlar uchun 1 mlrd 600 mln so‘mlik xarajatlar qo‘shib yozilgan.

Bosh prokuratura bergan ma'lumotlarga ko‘ra, 9 oy davomida budjet mablag‘larini talon-toroj qilish bilan bog‘liq 764ta qonun buzilishi holati, jumladan, 468ta jinoyat aniqlangan. Yetkazilgan zarar - qariyb 220 mlrd so‘m.

“Aksariyat qonunbuzilish holatlari ta'lim tizimida kuzatilgan. Tizimda umuman ishlamaydigan odamlarga yillar davomida oylik yozib kelingan.

Vazirliklar va hokimliklarda ham ahvol shu. Madaniyat vazirligida amalda yetkazib berilmagan mahsulotlar, bajarilmagan ishlar va ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun 12 mlrd so‘m budjet mablag‘i talon-toroj qilingan. Biz: “Moddiy-madaniy meros obektlariga qaranglar, madaniyat markazlari xarob ahvolda”, desak pul yo‘q deyishadi. Amalda esa ahvol mana bunday.

Albatta, javobgarlik muqarrar, undan qochib ketib bo‘lmaydi. Muammo, bunga sharoit yaratib berayotgan omillar: ochiqlik ta'minlanmagan, mas'uliyat yo‘q, nazorat sust!

Tizim rahbarlari bu xususida bosh qotirishlari shart. Aks holda, bu kabi holatlar hali-beri tugamaydi”, - dedi Senat raisi o‘ninchi yalpi majlisda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid