Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiyaliklarning aksari Tokio olimpiadasi o‘tkazilishiga qarshi
Yaponiyaning aksar aholisi koronavirus pandemiyasi tufayli qoldirilgan olimpiada o‘yinlarining kelasi yil o‘tkazilishiga qarshi. Seshanba kuni o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, yaponlar turnir yana qoldirilishi yoxud butunlay bekor qilinishi tarafdori ekani ma'lum bo‘ldi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, yozdan beri jamoatchilik fikri ko‘p ham o‘zgarmagan. O‘shanda ham musobaqalar boshlangunicha koronavirusga qarshi vaksinalar chiqishi kutilayotganiga qaramay, Yaponiyada juda kamchilik olimpiada keyinroq o‘tkazilishini ma'qul ko‘rishi ma'lum bo‘lgan.
Milliy NHK kompaniyasi o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 27 foizi turnir keyingi yil o‘tkazilishini yoqlab ovoz bergan. 32 foiz qatnashchi turnir bekor qilinishiga ovoz bergan bo‘lsa, 31 foiz respondent musobaqalar yana qoldirilsin degan fikrda. Qolgan qatnashchilar javob berishga ikkilanishgan.
Turnir tashkilotchilari va Yaponiya rasmiylari shundog‘am tinch davrda ilk bor kechiktirilgan olimpiada o‘yinlari yana kechiktirilishini o‘ylab ham ko‘rishmoqchi emas. Ular pandemiya sharoitida ham musobaqalarni o‘tkazishmoqchi. Ammo Yaponiya afkor ommasi boshqa fikrda.
Dushanba kuni Jiji nashri o‘tkazgan so‘rovda ham o‘xshash raqamlar qayd etilgan: 21 foiz qatnashchi turnir bekor qilinishiga, 30 foizi esa yana qoldirilishiga ovoz bergan.
6 dekabr kuni o‘tkazilgan so‘rovda ham, 61,2 foiz respondent turnir 2021 yil o‘tkazilishiga qarshiligini bildirgan.
Olimpiada va Paralimpiya musobaqalarining ochilish marosimiga esa 7 oy qolmoqda.
Dunyoning ayrim mamlakatlarida vaksinatsiya boshlangani turnir tashkilotchilariga umid bermoqda. Vaholanki, emlanish sportchilarga ham, muxlislarga ham majburiy bo‘lmaydi.
Ommaga vaksinalar taqdim qilinayotgan bo‘lsa-da, ko‘p joylarda koronavirus qayd etilish holatlari yangi to‘lqinlarda davom etyapti. Biroq Yaponiyada pandemiya nisbatan kamroq talafotlar bilan kechmoqda – shikastlanishlar soni 190000dan oshdi, qurbonlar soni esa qariyb 2800 nafar (19 dekabr holatiga ko‘ra).
Musobaqalarni qoldirish va koronavirusga qarshi choralarni joriy qilish tashkilotchilar va transport kompaniyalari uchun qo‘rqinchli tushdek kechmoqda – xarajatlar osmonga sapchigan. Musobaqalarni qoldirish va sog‘liqni saqlash xarajatlari qo‘shimcha 2,8 milliard dollar xarjlashni taqozo qilyapti.
Tashkilotchilar shu oy oxirida yangilangan budjetni e'lon qilishmoqchi.
Mavzuga oid
19:51 / 03.09.2021
Yaponiya bosh vaziri iste'foga chiqadi. Sabablardan biri - Tokio Olimpiadasi
17:26 / 13.08.2021
Olimpiada sovrindorlari murabbiylari va barcha ishtirokchilarga ham pul mukofoti beriladi
16:22 / 13.08.2021
Prezident xorijdan legioner sportchi olib kelish tajribasi o‘zini oqlamayotganini aytdi
12:32 / 12.08.2021