11:35 / 20.12.2020
5458

«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh «Gazli»dagi investitsion loyihalar ijrosi holatini o‘rgandi

«Gazli» gazni qayta ishlash zavodida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 9 yanvardagi PQ–4563-sonli «2020–2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Propan-butan aralashmasini olish qurilmasi investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh «Gazli» gazni qayta ishlash zavodida amalga oshirilayotgan propan-butan aralashmasi olish qurilmasining qurilish-montaj ishlari holatini o‘rgandi.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh loyiha bo‘yicha tabiiy gazdan suyultirilgan gazni ishlab chiqarish kompleksi tarkibiga kiruvchi tseolit yordamida gazni quritish qurilmasi, propan-butan aralashmasi olish qurilmasi hamda suyultirilgan gaz quyish parkida olib borilayotgan ishlar holati bilan tanishdi.

Loyiha bo‘yicha qurilish-montaj ishlarining olib borilishi joyida o‘rganilib mavjud muammolarni qisqa fursatda bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Birinchi bosqichda tabiiy gaz tarkibidan gaz kondensati ajratib olish bilan loyihani joriy yilning 25 dekabrida ishga tushirish kerakligi bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Boshqaruv raisi tomonidan zarur texnologik apparatlar, moddiy-texnik resurslarni yetkazib berish va o‘rnatish ishlarini yakunlash va qurilmani ishga tushirishga tayyorlash bo‘yicha tegishli departament hamda zavod rahbariyatiga topshiriqlar berildi.

Shuningdek, loyihaning ochilish marosimi munosabati bilan zavod hududini obodonlashtirish bo‘yicha rejalashtirilgan chora-tadbirlarni tez fursatda yakunlashga doir tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Ushbu investitsion loyihani muntazam to‘liq quvvat bilan ishlashini ta’minlash maqsadida, propan-butan aralashmasi olish qurilmasiga xomashyo bazasi bo‘lgan «Gazli» neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi konlarida uglevodorodlar qazib chiqarishni ko‘paytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish masalalari muhokama etildi.

Bu masalalar ijrosi va tashkiliy masalalar bo‘yicha tegishli departament boshliqlariga vazifalar yuklatildi. Xomashyo bazasini oshirish maqsadida burg‘ilash va kapital ta’mirlash ishlaridan so‘ng, quduqlarni ishga qo‘shish, texnologiya yo‘nalishida tadbirlar bajarilishi va kelgusi yilga rejalashtirilgan tadbirlar taqdimoti ham ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, ishchi guruh a’zolari tomonidan «Gazli» neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining qish mavsumida tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish uchun rejalashtirilgan tadbirlarning bajarilishi holati o‘rganib chiqilib, mavjud muammoli masalalar ham muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil davomida «Gazli» gazni qayta ishlash zavodida bosqichma-bosqich bir qator investitsion loyihalar amalga oshirildi.

Jumladan:

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 9 martdagi PQ–2822-son va 2017 yil 11 noyabrdagi PQ–3373-son qarorlariga muvofiq, «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan «2017–2021 yillarda uglevodorod xomashyosi qazib chiqarish hajmlarini ko‘paytirish bo‘yicha Dasturi» bo‘yicha joriy yilning oktabr oyida quvvati 2 mlrd kub metr gazni qayta ishlovchi gazni oltingugurt birikmalaridan tozalash qurilmasining 6-navbati hamda yangi yuqori bosimli bug‘ bilan ta’minlovchi yangi qozonxona ishga tushirildi.

Dekabr oyida esa loyihaviy quvvatni yiliga 5 mlrd kub metr ko‘tarib berishga mo‘ljallangan «Uchqir» siquv kompressor stansiyasi foydalanishga topshirildi.

Bundan tashqari, ushbu dastur doirasida «Garbi» konidan past bosimli quduqlardan gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish maqsadida «Garbi» mini kompressor qurilmasi ishga tushirilgan edi.

O‘z navbatida, qayta ishlanayotgan gaz sifatini yaxshilash maqsadida zavodning Gazni oltingugurt birikmalaridan tozalash qurilmalari 1-,2-,3- navbatlaridan modernizatsiya ishlari amalga oshirildi.

O‘rganish davomida boshqaruv raisi «Gazli» gazni qayta ishlash zavodida ishchilarning ishlash hamda yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan joyida tanishdi. Ishchilar bilan suhbatda bo‘lib, ijtimoiy yo‘nalishdagi mavjud kamchiliklar hamda muammolarni muhokama qildi.

Boshqaruv raisi «Gazli» gazni qayta ishlash zavodida xizmat qilayotgan ishchi-xodimlar bilan ularning oylik maoshlari o‘z vaqtida berilishi, ijtimoiy masalalar, qazib chiqarish jarayonlarida bevosita ishtirok etayotgan ishchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar borasida ochiq suhbat o‘tkazdi.

Ushbu suhbat jarayonida ishchi-xodimlar ham o‘z takliflarini bildirishdi va mavjud muammolar o‘z vaqtida yechib berilayotganini ta’kidlashdi.

«O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati Ⓣ

Top