O‘zbekiston | 22:50 / 22.12.2020
32206
4 daqiqa o‘qiladi

Alisher Qodirov «UzAuto Motors» atrofidagi tanqidlarga munosabat bildirdi

O‘zbekistondagi avtomobil sanoati 94-yillarda aholini ish bilan ta'minlash qiyin bo‘lgan sharoitda, odamlarning daromad manbasi yo‘q paytda, Asakada avtomobil  ishlab chiqarish zavodi qurilishi bilan boshlandi. U iqtisodiyotimizga katta madad kuchi sifatida kelgan va umidlarimiz sifatida shakllangan, deydi «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov.

22 dekabr kuni Milliy matbuot markazi binosida «Milliy tiklanish» partiyasining bir yillik faoliyati hisobotiga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida deputat Alisher Qodirov «UzAuto Motors» AJ atrofidagi tanqidlarga munosabat bildirdi.

Uning aytishicha, kompaniya O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotida 34 trillion so‘m qiymatlik yaratadi.

«U yerda 28 ming, hatto undan ortiq O‘zbekiston fuqarolari mehnat qiladi. Avtosanoatda yaratilgan bitta ishchi o‘rni turdosh 7-8tagacha ish o‘rnini paydo qiladi. Masalan, 28 ming odam rasman kompaniyada band bo‘lsa, yana 250 mingga yaqin odam avtosanoat uchun ishlab, non topyapti. Biz O‘zbekistondagi 300 mingga yaqin odamning non topish manbasi haqida gaplashyapmiz», — deydi u.

Alisher Qodirov odamlarning avtomobil narxi, xorijiy mashinalarga o‘rnatilgan baland boj to‘lovlariga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Avtosanoatni hech kim osonlikcha rivojlantirmagan. Avtosanoati mavjud davlatlar esa raqobatda kuchli bo‘ladi. Negaki, ushbu sanoat ilmiy-texnologik rivojlanishga ham turtki beradi. Boj masalasida esa bir nechta davlatlar tajribasiga qarasak, Yaponiya va Janubiy Koreya 80-yillargacha ichki bozorni tamoman yopiq tutgan. Mana shu siyosatning natijasi nimaga olib keldi? Hozir bu davlatlarda ishlab chiqarilgan mashinalar jahon bozorida sotilmoqda. Ular bunga bir kunda erishmadi, balki ma'lum bir muddat ichki bozorni himoya qildi. Bizning tushunchamiz bo‘yicha raqobatga e'tibor qilmadi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Alisher Qodirovga ko‘ra, xorijiy mashinalarga boj stavkalari pasaytirilsa, mamlakat importi 6-7 milliard dollarga oshadi.

Alisher Qodirov

«Avtomobilni har yili 300 mingga yaqin odam sotib oladi. Biz 300 ming odamning manfaatini ko‘zlab, 35 million xalq yashayotgan mamlakat iqtisodiyotini xavfga qo‘ya olmaymiz. Bu tamoman yopilishga ishora qilmaydi, biz ham milliy zavodning raqobatbardosh bo‘lishini istaymiz. O‘zbekiston Jahon savdo tashkiloti a'zosi emas, lekin Kioto paktiga qo‘shildik. Bu bojlarni muvofiqlashtirish ishi boshlanganini anglatadi», — dedi u.

«Milliy tiklanish» yetakchisi partiya milliy ishlab chiqaruvchilar manfaatini himoya qilishini eslatib, konservatorlarga xos munosabatini davom ettirdi.

«O‘zbekistonda avtosanoat rivojlanishda haligacha davom etyapti. U yerda qabul qilinayotgan ayrim qarorlarni yaxshi iqtisodchilar ham tushunmaydi. Masalan, parlamentda davlat budjeti qonuni loyihasi muhokama etilganda yetakchi partiya deputati avtosanoatga berilgan 500 milliard so‘mlik soliq imtiyozini shubha ostiga oldi. Shu soliq imtiyozi nega berilganini rahbariyat yaxshi anglaydi, buning ortida iqtisodiy manfaatlar bor. Aniq iqtisodiy harakat borki, shu sanoatni rivojlantirish kerak», — deydi u.

Shu tariqa, Alisher Qodirov «UzAuto Motors» narx siyosati maxfiy hujjatlar bilan yashirilgani yuzasidan yo‘llangan savolga javob berdi.

«Agar maxfiylik bo‘lsa, demak maxfiylik asosi bor. Bundan tashqari, avtosanoat bozorida raqobat kuchli. U yerda narxlarning shakllanishi bilan bog‘liq tijoriy sirlar ochiqlamaslik jamiyat nizomi va qonunlarda ham belgilangan», — deya qo‘shimcha qildi u.

Ma'lumot uchun, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi 2020 yil bahorda «UzAuto Motors»ga nisbatan tekshiruv boshlab, qo‘zg‘atilgan ishni avgust oyida yakunlagandi. Unga muvofiq, avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya «monopol yuqori narx» qo‘llagani aniqlangan. Kompaniya esa qo‘mita maxsus komissiyasi qarori bilan kelishmay, sudga da'vo kiritib yutib chiqdi.

Shundan so‘ng, ijtimoiy tarmoqda Alisher Qodirovning qo‘mita rasmiysi bilan tortishuvi boshlandi.

Mavzuga oid