O‘zbekiston | 10:14 / 22.12.2020
8217
2 daqiqa o‘qiladi

Bektemir ma'muriy sudi raisi: sohada korrupsiya bo‘lmasligi uchun sudyalarning oyligi yaxshi bo‘lishi kerak

Sudya mustaqil bo‘lishi, korrupsiya holatlariga aralashgani uchun keskin chora ko‘rilishi kerak. Oyliklari ham oshirilishi kerak, ijtimoiy-iqtisodiy holat yaxshi bo‘lgandan keyin hamma joyda ish yaxshi ketadi, deydi Bektemir tuman ma'muriy sudi raisi S.Mixliyev.

2020 yil 21 dekabr kuni Bektemir tuman hokimligida sudlar faoliyatining ochiqligi, oshkoraligi va shaffofligini oshirish maqsadida ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari uchun soha mas'ullari ishtirokida brifing tashkil etildi. Unda Bektemir tuman ma'muriy sudi raisi Saydulla Mixliyev Kun.uz muxbirining sud tizimidagi korrupsion holatlar haqidagi savoliga javob berdi.

“Yaqinda Toshkentda sud tizimi xodimlarining 8 mlrd so‘m davlat mablag‘ini o‘zlashtirganligi haqidagi ma'lumot aytildi. Bunga Oliy sud matbuot kotibi ham munosabat bildirdi. Bir narsani tushunish kerakki, fuqaroga qachonki sud tomonidan tegishli qaror chiqarilsagina aybdor deb hisoblanadi. Aybsizlik prezumpsiyasiga ko‘ra ungacha aybsiz hisoblanadi. Balki sud jarayonida ular oqlanib ketishi ham mumkin, o‘sha 8 mlrd tasdiqlanmasligi ham mumkin. Buni sud hal qiladi. Hozir sud jarayoni ketyapti, bu ishga ommaviy axborot vositalari, blogerlar tomonidan bosim deb hisoblanishi mumkin”, — dedi Sudya.

Uning aytishicha, aynan yuqoridagi holat sud elektron bazasiga kiritilmaganligi uchun aniq ma'lumot berish qiyin. Bunday holatlar yuz bermasligi uchun joriy yilda sudlar faoliyatini takomillashtirish haqida qaror qabul qilinib, sohani raqamlashtirish yo‘lga qo‘yilmoqda. Oliy sud tomonidan 28 ta idora hamkorligida integratsiyalash jarayoni olib borilib, jarayonda inson omilini kamaytirish ko‘zda tutilgan. Bunda jinoyat ishini ko‘rib chiqishni sud raislari emas, elektron baza taqsimlaydi. Sudlar inson taqdirini belgilovchi, oxirgi nuqtani qo‘yuvchi idora bo‘lgani uchun barcha ish sudga borib taqaladi. Shuning uchun ular mustaqil bo‘lishi va bunday holatlarga aralashgani uchun keskin chora ko‘rilishi kerak. Oyliklari ham oshirilishi kerak, ijtimoiy-iqtisodiy holat yaxshi bo‘lgandan keyin hamma joyda ish yaxshi ketadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid