O‘zbekiston | 19:52 / 22.12.2020
4619
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrining Ahmad Donish ko‘chasidagi yo‘l o‘tkazgichda ta'mirlash ishlari tugatildi

Toshkent shahrining Ahmad Donish ko‘chasidan kichik halqa avtomobil yo‘li, Miskin va Usta Shirin ko‘chalari kesishmasidagi avtomobillar uchun mo‘ljallangan yo‘l o‘tkazgichda kapital ta'mirlash ishlari yakunlanib to‘liq harakat yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ xabar bermoqda.

«Ushbu yo‘l o‘tkazgich 2000 yilda qurilgan. Umumiy uzunligi 912 metr, eni esa 29 metr, konstruksiya qismi 660 metr, yondashish yo‘llarining uzunligi 252 metr bo‘lgan ko‘prik ishga tushirilgandan buyon ta'mirlash ishlari amalga oshirilmagan. Shu sababli, yo‘l o‘tkazgichning qatnov qismidagi temir-beton konstruksiyalar, g‘ildirak qaytargichlar, bezak plitalari, metall to‘siq panjaralari, asfalt beton qoplamalari hamda taroqsimon ko‘rinishidagi deformatsion choklari yaroqsiz holga kelib qolgandi», deyiladi xabarda.

Yo‘l o‘tkazgichni mukammal ta'mirlash ishlarini olib borishda, asosan, qatnov qismidagi temir-beton konstruksiyalar almashtirilgan va ostki fazosidagi konstruksiya qismlari balkalar, rigellar hamda tayanch ustunlari, temir-beton qoplamalarining buzilgan joylari qayta tiklangan. Yo‘l o‘tkazgichning qatnov qismidagi yo‘lni ajratib turuvchi quyma beton bloklar o‘rnatilib, asfalt-beton qoplamasi yotqizilgan.

Mazkur yo‘l o‘tkazgichni ta'mirlash ishlari 2019 yil kuz oylarida boshlangan va unga 21 mlrd so‘m mahalliy budjet hisobidan ajratish belgilangan edi. 2019-2020 yillardagi qish mavsumida ta'mir ishlari to‘xtatilgandi. Ta'mirlash ishlari to‘xtatilishi sabab haydovchilarga noqulaylik tug‘ilishi oqibatida keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan bu ko‘prik haqida Kun.uz saytida ham maqola e'lon qilingan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid