O‘zbekiston | 20:13 / 23.12.2020
7187
3 daqiqa o‘qiladi

2021 yil uchun investitsiya va tashqi savdo sohasiga doir vazifalar belgilandi

Pandemiyaga qaramay, 2020 yilda O‘zbekistonga 6,6 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy sarmoya kirib kelgani aytildi. Kelasi yil bu ko‘rsatkich 7,5 milliard dollar bo‘lishi maqsad qilingan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 dekabr kuni investitsiyalar va tashqi savdo sohasidagi ishlar natijadorligi hamda 2021 yilga mo‘ljallangan asosiy vazifalar muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, koronavirus pandemiyasiga qaramay, 2020 yilda O‘zbekistonga 6,6 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar o‘zlashtirilgan. Kelgusi yili 7,5 milliard dollardan ziyod to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish maqsad qilingan.

Yil yakuni bo‘yicha 15 milliard dollarlik eksport amalga oshirilishi kutilmoqda. 2021 yilda esa eksport hajmi 17 milliard dollar atrofida bo‘lishi prognoz qilingan.

Shavkat Mirziyoyev 2021 yilda jalb etiladigan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga 226 ta yirik loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shuningdek, 69 ta istiqbolli yangi sanoat loyihasini sifatli amalga oshirib, iqtisodiyot o‘sishiga qo‘shimcha zaxira yaratish vazifasi qo‘yildi.

Bunda asosiy drayver sohalar bo‘lgan kimyo, energetika, mashinasozlik, geologiya, elektrotexnika, farmatsevtika va yengil sanoat tarmoqlariga alohida e'tibor qaratiladi.

1 yanvardan boshlab, xalqaro moliya institutlari kredit mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha yangi tizim joriy etish, har bir loyihada belgilangan mablag‘larni samarali o‘zlashtirish va natijadorligini ta'minlash maqsadida «Loyiha ofislari» rahbar va xodimlari malakasini oshirish va ularni o‘qitish muhimligi ta'kidlandi.

Prezident mutasaddilarga eksport shartnomalarini hozirdanoq tuzish, 1 yanvardan Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan eksportoldi moliyalashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Yig‘ilishda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov va uning o‘rinbosarlari shu vazifalarni bajarish bo‘yicha rejalari yuzasidan axborot berdi.

Mavzuga oid