09:29 / 23.12.2020
9103

Abu-Dabi amirligi O‘zbekiston fuqarolarini 2 haftalik karantinni o‘tashdan ozod qildi

BAAning Abu-Dabi amirligi xorijiy sayyohlarning amirlikka kirish qoidalarini qayta ko‘rib chiqib, pandemiya sababli kiritilgan ba'zi cheklovlar 24 dekabrdan bekor qilinishini e'lon qildi. Bir qator davlatlar, jumladan O‘zbekistonning amirlikka keluvchi fuqarolari 2 haftalik majburiy karantinni o‘tashdan ozod qilindi.

Al Arabiya telekanalining Abu-Dabi matbuot markaziga tayanib xabar berishicha, 2 haftalik majburiy karantindan birinchi navbatda “yashil ro‘yxat”ga kiruvchi davlatlar fuqarolari ozod qilinadi. Gap amirlikka O‘zbekiston, Avstraliya, Bruney, Vetnam, Gretsiya, Grenlandiya, Hongkong, Xitoy, Mavritaniya, Malayziya, Yangi Zelandiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, Tojikiston, Tayvan, Tailanddan keluvchi sayyohlar haqida bormoqda. Ushbu ro‘yxatda bo‘lmagan davlatlar fuqarolariga karantin muddati 10 kungacha kamaytirilgan.

Barcha sayyohlar amirlikka kirish uchun 96 soatdan oshmagan vaqt ichida topshirilgan manfiy PsR-test taqdim qilishlari va u yerda yana bitta test topshirishlari lozim. Bundan tashqari, amirlikda ko‘proq muddatga qoladigan xorijliklar bir necha kundan keyin takroriy PsR-test topshirishlari kerak bo‘ladi. Avval takroriy testlar amirlikka kelgandan keyin 4- va 8-kun topshirilgan bo‘lsa, endi 6- va 12-kun topshiriladi.

Amirlik ma'muriyatida ma'lum qilinishicha, “yashil ro‘yxat” har 2 hafta qayta ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan birga, Abu-Dabi BAAning boshqa amirliklaridan keluvchilar uchun ham bir qator cheklovlarni yengillashtirgan. Jumladan, bu yengillashtirishlar PsR-testning amal qilishi va uning takroriy topshirilishi muddatlari bilan bog‘langan. Bundan tashqari, savdo va ko‘ngilochar markazlar, restoranlar va bolalar bog‘chalariga qo‘yiladigan sanitar talablar yangilangan.

Xorijliklarning kirishi uchun Abu-Dabidagidan o‘zgacha qoidalar amal qiluvchi Dubay amirligida esa 23 dekabrdan koronavirusga qarshi bepul emlash boshlanadi.

BAAda pandemiya boshidan beri 195 mingdan ko‘proq kasallanish holati qayd qilingan. Bu vaqt ichida koronavirusdan 642 kishi vafot etgan. Ayni vaqtda mamlakatda 23,8 ming kishi  virusdan davolanmoqda. 

Top