Barcha oilalar bolalariga universal nafaqalar berilishi kerak
Bola hayotining birinchi 1000 kuni – bolaning butun hayoti davomidagi salomatligi uchun asoslar qo‘yiladigan vaqt. Ayni shu davrda ularni maksimal darajada qo‘llab-quvvatlash va yetarli ozuqalarni olishi juda muhim. Shu bois imtiyozlar birinchi navbatda eng yosh bolalarga berilishi kerak.
«Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 12-moddasiga ko‘ra, davlat bolalarni tarbiyalayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashni kafolatlaydi, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatilishini ta'minlaydi.
Bolalarni nafaqalar bilan qamrab olish – bola huquqlarini amalga oshirilishining kelgusida salbiy iqtisodiy oqibatlar xavfini kamaytiradi.
Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tezkor e'tiborni talab qiladigan sohadir. Ularni imtiyozlar bilan qamrab olishni kengaytirish bolalarning ovqatlanishini va rivojlanishini, ularning o‘qishdagi muvaffaqiyatlarini yaxshilashni anglatadi, bu esa bola manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqlarini yanada rag‘batlantirish borasida yutuqlarga erishishga imkon beradi.
YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tayyorlangan O‘zbekistondagi bolalar vaziyatining tahlilida keltirilishicha, O‘zbekistonning ijtimoiy himoyaga kiritadigan investitsiyalari nisbatan past darajada bo‘lib, YaIMning 6 foizi ijtimoiy himoyaning milliy tizimiga sarflanadi.
O‘zbekistondagi bolalarning ko‘pchiligi (54 foiz) biror ijtimoiy nafaqa oladigan oilalarda istiqomat qiladi. Shunday bo‘lsa-da, kam ta'minlangan oilalarning yarmidan ko‘pi (52 foiz) milliy ijtimoiy himoya tizimi tomonidan hech qanday ko‘mak bilan qamrab olinmagan va vaqt o‘tishi bilan turli nafaqalarning qamrovi qisqardi.
Bugungi kunda 0–17 yoshdagi bolalarning atigi 17 foizi, bola uchun mo‘ljallangan uch turdagi nafaqalarning (bolani parvarishlash bo‘yicha nafaqa, oilaviy nafaqa va nogironlik nafaqasi) birortasini olayotgan oilalarda yashaydi.
Bundan tashqari, bolalari bor oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan bolalar nafaqalarining uch turi bilan qamrab olish darajasi muntazam pasayib borishi kuzatilmoqda. Masalan, 2 yoshgacha bo‘lgan bolani parvarishlash uchun nafaqa oluvchilar soni 2009 yildan boshlab 60 foizga kamaydi va 2 yoshdan 14 yoshgacha bolalari bor bo‘lgan oilalarga to‘lanadigan nafaqalar vaqt o‘tib qisqardi va endilikda atigi 10 foizgina bolalarni qamrab olmoqda. Bolali oilalar ham bugungi kunda aholining eng kambag‘al qatlamlariga mansub bo‘lib qolgan.
Shu bilan birga, imkoniyatlari cheklangan bolalarning 48 foizi nogironlik nafaqasi ola olmayapti.
Bolalar nogironligi bo‘yicha nafaqa to‘lash uchun ajratilgan budjet past darajada bo‘lib, YaIMdan atigi 0,21 foizni tashkil qilgan.
Shuningdek, turli yoshdagilar guruhlari orasida ham ijtimoiy nafaqalar bilan qamrab olinganlikda nomutanosiblik bor. Masalan, 15–17 yoshli bolalar aksariyati ijtimoiy nafaqalar dasturlari bilan qamrab olinmagan. Bolalar kambag‘alligi darajasi umuman aholi kambag‘alligi darajasidan yuqoridir.
Ijtimoiy himoya tizimidagi hal etilishi zarur bo‘lgan asosiy masalalarga e'tibor qaratamiz.
Nafaqa olish uchun ariza berish taomillarining murakkabligi, nafaqalarni to‘lash davri keraklicha moslashtirilmagani hamda ijtimoiy ta'minot va ijtimoiy xizmatlarni taqdim etish tizimining parchalangani sababli ijtimoiy himoya tizimining samaradorligi yetarli darajada emas.
Nafaqalar olish huquqi to‘g‘risidagi bilimlar yetishmasligi, talabnoma uzatishning murakkab taomillari, ko‘rsatiladigan yordamning keraklicha davomli emasligi, fuqarolarning ijtimoiy ta'minot bo‘yicha nafaqalar olishga murojaat qilmasliklariga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, yordamga muhtoj bolali oilalarga nafaqa olishga oid huquqlari to‘g‘risida axborot beradigan yoki talabnoma uzatish uchun kerakli hujjatlarni tayyorlashda yordam beradigan professional ijtimoiy xizmatlar yoki ijtimoiy xodimlar yo‘q. Ushbu omillar aholi ijtimoiy ta'minot tizimi bilan past darajada qamrab olinishiga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, bolada nogironlik aniqlangan sharti bilangina bolaga nogironlik bo‘yicha nafaqaga ega bo‘lish huquqi taqdim etiladi va buning to‘g‘risidagi xulosa tibbiy ko‘rikdan o‘tgandan keyingina beriladi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayoni ko‘pincha kasalxonaga yotish va tegishli mablag‘ sarflashni talab qiladi va aynan shuning uchun ko‘pgina kam daromadli oilalarning bu jarayondan o‘tishga imkoniyatlari yetarli emas.
Bundan tashqari, nogironlikni aniqlash jarayoni faoliyat yuritish, hayotiy faoliyatni cheklash va salomatlik bo‘yicha xalqaro tasniflashga mos emas. Shu asnoda funksional cheklovlari mavjud ko‘p sonli odamlarning faqat bir qismidagina nogironlik e'tirof etiladi.
O‘zbekiston bolalar huquqlarini amalga oshirishda yanada sezilarli taraqqiyotga erishishi uchun eng muhtoj bolalar ahvolini tahlil qilishi va bunday muhtojlik ko‘p tarqalgan sohalarda tengsizlikni qisqartirishga qaratilgan milliy siyosat va rejalarni ishlab chiqishi zarur.
Shuningdek, mavjud sog‘liqni saqlash, ta'lim, ijtimoiy himoya va bolalarni himoya qilish tizimlarining faoliyat yuritish negizida mujassamlashgan ayrim tarkibiy to‘siqlarni o‘rganish va bartaraf etish, bolalar hayotiga ta'sir qiluvchi qarorlar qabul qilinishida bolalarning o‘zi ishtirok etishi mexanizmlari va jarayonlarini belgilash shart.
Bola nafaqalari ota-onalarga muhim yordam beradi, bolalarning asosiy ehtiyojlarini, masalan, oziq-ovqat va o‘quv qurollarini qoplash va kelajakka ishonch bilan qarashga yordam beradi.
Bolalar uchun nafaqalarni faqat muhtoj oilalarga tayinlash bo‘yicha maqsadli yondashuv ko‘pincha mahallalarda keskinlikni keltirib chiqaradi. Mahallalarda odatda mablag‘ yetishmasligi sababli barcha muhtoj oilalarga nafaqa bera olmaydilar.
Shuningdek, hech kimga sir emaski, ko‘pincha bolalar savdosi qurbonlari – moddiy ahvoli og‘ir, yetim bolalar, kambag‘al, ko‘p bolali oilalarning farzandlaridir. Bular ota-onalar (ota-ona, ota-onasini o‘rnini bosuvchi boshqa shaxs) bolani boqish, tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha vazifalarni bajara olmaydigan holatlardir.
O‘z navbatida, barcha oilalar bolalariga beriladigan universal nafaqalar ijtimoiy munosabatlar va ijtimoiy birdamlikni rivojlantirishda ancha samarali.
Xalqaro tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, universal imtiyozlar samaraliroq. Bunday dasturlarni boshqarish osonroq va arzonroq. Bunday dasturlar odatda siyosiy jihatdan mashhur bo‘lib, aholining aksariyat qismiga foyda keltirgani uchun ijtimoiy birdamlikni targ‘ib qiladi.
Umumjahon (potensial nafaqa oluvchilarning 100 foiz yo‘naltirilgani, masalan, bolalarga nafaqa berish holatida bo‘lgan bolalar) yoki kvaziuniversal (ya'ni potensial nafaqaxo‘rlarning ko‘p qismi qamrab olinishini anglatadi, masalan 75–80 foizi) nafaqa oluvchilarning sha'ni va qadr-qimmatini saqlashga yordam beradi.
Maqsadli yondashuv bilan nafaqalar oilalarga kam ta'minlangan deb topilgan taqdirdagina tayinlanadi. Ushbu maqom nafaqa oluvchilarning qadr-qimmatiga putur yetkazishi mumkin.
Eng muhimi, bolalarni qo‘llab-quvvatlash bu xayriya emas, balki mamlakatdagi inson kapitalini rivojlantirishga zarur sarmoyadir. Bolalar uchun nafaqalar oilalarga farzandlarini yaxshi ovqatlanishini ta'minlashga yordam beradi.
Yaqinda YUNISEF tomonidan o‘tkazilgan ovqatlanish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda 6 yoshdan 23 oygacha bo‘lgan bolalarning 95 foiz minimal qabul qilinishi zarur bo‘lgan ovqatlanish me'yori bo‘yicha taom iste'mol qilmaydi.
Bundan tashqari, bolalarning to‘rtdan bir qismi kamqonlikdan aziyat chekmoqda. 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 9 foizi uchun bu o‘sishning sustlashishiga olib keldi, bu esa o‘z navbatida kognitiv rivojlanish va o‘qish samaradorligini pasaytiradi, surunkali kasallik xavfini oshiradi.
Ushbu muammoni hal qilishda bolalari bo‘lgan oilalarni nafaqalar bilan qo‘llab-quvvatlash va yaxshi ovqatlanish to‘g‘risida xabardorlikni oshirish zarur.
Bolalarning imtiyozlari bolalarni o‘rganish va rivojlantirish uchun uy sharoitida qulay muhit yaratishga yordam beradi. Bolalar ta'limini yaxshilashga qaratilgan sa'y-harakatlar faqat maktab tizimiga investitsiyalar bilan cheklanmasligi kerak.
YUNISEFning O‘zbekistondagi boshlang‘ich maktab yoshidagi bolalarga ta'limi bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqoti shuni ko‘rsatadiki, uy sharoitlari, masalan, o‘quv qurollari, o‘qish uchun kitoblar, stol, bolalarning maktabdagi faoliyatini belgilashda muhim rol o‘ynaydi.
Shuni ta'kidlash kerakki, uy sharoitining bolalar maktabidagi faoliyatiga ta'sirini ko‘plab mamlakatlarda ko‘rish mumkin. Shunday qilib, uy sharoitlarini qo‘llab-quvvatlashga yordam berish orqali hukumatlar maktab tizimiga sarmoyalar rentabelligini sezilarli darajada oshirishi mumkin.
O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirishga qo‘yilgan sarmoyalarning samaradorligi, mamlakatda oilalar orasida keng tarqalgan qashshoqlik muammosini hal qilishga qodir bo‘lishi bilan bog‘liq. Ushbu muammoni faqat bandlikka ko‘maklashish dasturlari orqali hal qilib bo‘lmaydi, chunki tuzilmaviy to‘siqlar va yuqori ishsizlik tufayli mehnat bozorida munosib ish o‘rinlari yetishmayapti.
Bugungi kunda bolalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish nihoyatda muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonda amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, masalan, narxlar va tariflarni erkinlashtirish mamlakatni yanada rivojlantirishga qaratilganiga qaramay, ular zaif oilalar uchun vaqtinchalik xavf bilan bog‘liq.
Koronavirus pandemiyasidan kelib chiqadigan iqtisodiy tushkunlik ham zaif oilalar uchun xavfni oshirdi. Masalan, so‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyoda qashshoqlikda yashovchi bolalar soni 15 foizga ko‘payishi mumkin. Yevropa va Markaziy Osiyoda bu o‘sish 44 foizga yetishi mumkin.
COVID-19ga qarshi kurashish va pandemiya ta'sirini yumshatish uchun Xalqaro bolalarni qutqarish tashkiloti va YUNISEF bolalar zudlik bilan ehtiyojlarini qondirish va kelajakdagi mumkin bo‘lgan zarbalardan himoya qilish uchun bolalarga beriladigan nafaqalarni zudlik bilan va keng miqyosda kengaytirishga chaqirishmoqda.
Bolalarga nafaqa berishning samarali tizimi ushbu xavflarni kamaytirishi va shu bilan amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. O‘zbekiston hukumati bolalar uchun nafaqa oluvchilar sonining 10 foizga ko‘payishini e'lon qildi va bu muhim qadam bo‘ldi. Biroq, mavjud vaziyat oilalarni qo‘llab-quvvatlash va mamlakatga bugun va kelajakda zarur bo‘lgan inson kapitalini rivojlantirish uchun qamrovni yanada kengaytirishni talab qilmoqda.
Bolalar uchun nafaqalar qamrovini kengaytirish qo‘shimcha mablag‘larni talab qilishi aniq. Buni mamlakat budjetiga katta yuk tushmasdan bajarishga imkon beradigan usullari mavjud. Masalan, 80 foiz oilalarga bolalariga nafaqa berish va o‘z farzandlarini o‘zlari ta'minlashga qodir bo‘lgan iqtisodiy jihatdan eng farovon oilalarning 20 foizini hisobga olmagan holda o‘ylab ko‘rish mumkin.
Moliyalashtirish talablarining sezilarli darajada oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bolalarga beriladigan nafaqalarni qamrab olish bosqichma-bosqich kengaytirilishi mumkin.
Bola hayotining birinchi 1000 kuni – bu bolaning miyasi o‘sib, rivojlana boshlagan va butun hayot davomida sog‘liq uchun asoslar qo‘yilgan vaqt. Bolaning hayotining birinchi 1000 kunida maksimal darajada qo‘llab-quvvatlash va yetarli ovqatlanishni olish muhimligini hisobga olib, imtiyozlar birinchi navbatda eng yosh bolalarga berilishi kerak.
Bundan tashqari, dastur har yili bolalar nafaqalari uchun yosh chegarasini ko‘tarib, oxir-oqibat 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qamrab olishi mumkin.
YUNISEF tahlili shuni ko‘rsatadiki, ushbu taklif moliyaviy jihatdan maqsadga muvofiqdir va aholi farovonligini sezilarli darajada oshirishga, xususan, 2030 yilga kelib qashshoqlikning umumiy darajasini 21 foizga kamaytirishga imkon beradi. Eng kambag‘al oilalarga ko‘proq foyda keltiradi.
Hech kimga sir emaski, aksariyat mintaqalar aholisi, ayniqsa qishloqlar daromad manbalariga ega emaslar. Barcha mamlakatlarda bo‘lgani kabi, bizda ham aholining kam daromadli qatlamlari mavjud. Turli xil hisob-kitoblarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 12–15 foizni tashkil qiladi. Gap mamlakatimizning 4–5 million aholisi haqida ketmoqda.
Ko‘pchilik bu muammoni nafaqalar va moddiy yordamni to‘lash yoki ularning hajmini oshirish orqali hal qilish mumkin, deb hisoblaydi. Biroq bu – muammoni tubdan hal qilmaydigan bir tomonlama yondashuv.
Qashshoqlikni kamaytirish uchun keng qamrovli iqtisodiy va ijtimoiy siyosat – tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishdan tortib, aholining qobiliyatlari va salohiyatini safarbar qilish, yangi ish o‘rinlari yaratishga qadar amalga oshirishni talab qiladi.
Biroq, bilasizki, har kim ham tadbirkorlik qobiliyatiga ega emas. Shuning uchun biz bunday odamlarga alohida e'tibor qaratishimiz va ularni kasbiy qayta tayyorlash orqali munosib ish bilan ta'minlashimiz kerak.
Biz ish o‘rinlari yaratadigan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz kerak.
Ijtimoiy nafaqalarni to‘lashning yangi tizimini, shu jumladan kam ta'minlangan oilalarni qamrab olishni kengaytirish va budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta'minlashni joriy etish zarur.
Shu bilan birga, mezonlarni qayta ko‘rib chiqish va imtiyozlar berishning shaffof tizimiga o‘tish, mahallaning bu ishdagi ishtirokiga tanqidiy baho berish kerak.
Umuman olganda, yangi tizim fuqarolarning ijtimoiy nafaqa olish uchun murojaat qilishlari uchun ishlashi kerak, ular shu kuni barcha kerakli hujjatlarni tayyorlaydi va muammoni hal qiladi.
Sattor Rahmatov,
Ombudsman kotibiyatining Bola huquqlarini ta'minlash sektori mudiri
Mavzuga oid
11:33
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni joylashtirishning muqobil shakllari joriy etilmoqda
10:53 / 16.11.2024
Hayoti yoki sog‘lig‘i xavf ostida qolgan bolalar ota-onasidan olib qo‘yilishi mumkin
07:50 / 28.10.2024
Fuqaroga nafaqa qilib berishni va’da qilgan tibbiyot xodimi pora bilan ushlandi
08:10 / 26.10.2024