O‘zbekiston | 08:49 / 25.12.2020
6510
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada o‘zbekistonlik qiz majburan ushlab turilgani haqida xabarlar tarqaldi. TIV holat bo‘yicha ma'lumot berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Turkiyaning Jivril shahrida O‘zbekiston fuqarosining majburan ushlab turilgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, mamlakatning Anqara shahridagi elchixonasi Turkiyaning vakolatli idoralariga rasmiy murojaat qilgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlardan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi Sh.X. Turkiya fuqarosi J.Ch.ga turmushga chiqish uchun 2020 yil 14 noyabrda Turkiyaga kelgan. Qisqa muddat birga yashagandan so‘ng, u oilaviy hayot va ijtimoiy sharoitdan norozi ekani, shuningdek, onasining sog‘lig‘i yomonlashgani sababli O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan.

Elchixona xabar berishicha, hozirgi kunda mazkur fuqaro Denizli viloyatidagi ixtisoslashgan shifoxonalardan birida koronavirus infeksiyasini davolash uchun muolaja olmoqda. Shu sababli u bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lanish imkoniyati mavjud emas.

“Denizli viloyati jandarmeriyasi ma'lumotlariga ko‘ra, bemorning ahvoli barqaror deb baholanmoqda, o‘zbekistonlik qiz tanasida jarohatlar aniqlanmagan. Ushbu masala Denizli viloyati prokuraturasining maxsus nazoratiga olingan, surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Vaziyat O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi doimiy nazoratida, vakolatli organlar va hamyurtimiz davolanayotgan tibbiyot muassasasi bilan aloqa o‘rnatilgan”, - deyiladi Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid