Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vadim Abramov: «Bunyodkor»dan ketsam, tarkibning 90 foizi tarqalib ketadi. Milliy jamoa uchun futbolchilarni kim tayyorlaydi?»
Bir oy avval O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida o‘tgan Ijroiya qo‘mitaning yig‘ilishida «Bunyodkor» klubi hamda O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramovning 2021 yildan boshlab faqat milliy jamoada faoliyat olib borishi haqida ma'lum qilingandi.
Yangi yil kirib kelishidan bir hafta avval Tribuna.uz muxbiri Vadim Karlenovich bilan suhbatlashib, murabbiyning keyingi faoliyati bilan qiziqdi.
- Vadim Karlenovich, O‘FA qarori bilan 2021 yilda «Bunyodkor»ni tark etib, faqat milliy jamoada ishlashingiz kerak. Klubni tark etdingizmi?
- Yo‘q, hali «Bunyodkor»dan ketganim yo‘q. Ammo klubni tark etishim kerakligi haqida O‘FA tomonidan qaror qabul qilingan. Meni hech kim klubdan iste'foga chiqargani yo‘q. Ammo reja bo‘yicha klubni tark etishim kerak. Shunday ekan, hozircha bu borada hech qanday rasmiy yangilik yo‘q.

- O‘zingiz klubda qolib ishlashni xohlayapsizmi?
- Menimcha, «Bunyodkor»da qolib ishlashim milliy jamoa uchun ham yaxshi bo‘ladi. Buni anchadan buyon takrorlab kelaman. Hozirda futbolimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar tufayli ham klubda qolishim milliy jamoamiz uchun foydaliroq. Ko‘rayapsiz, Arveladze «Paxtakor»dan ketdi va mart oyida milliy jamoamizning muhim o‘yinlari borligi sababli futbolchilarning qanday holatda bo‘lishi meni tashvishlantiradi. Axir, klubning 80 foiz futbolchisi milliy jamoa a'zosi sanaladi. Ular rasmiy o‘yinlarimiz boshlagunga qadar qanday holatda bo‘lishadi, ularni kim boshqaradi? Qolaversa, «Paxtakor» Osiyo Chempionlar ligasi o‘yinlarini O‘zbekiston milliy jamoasining rasmiy o‘yinlaridan keyin o‘tkazadi. Bu o‘ylantiradigan masala.
Shu jihatdan olib qaraganda, men ham «Bunyodkor»dan ketsam muhim o‘yinlar oldidan O‘zbekiston milliy jamoasi futbolchilarini kim tayyorlab boradi? Mart oyida futbolchilarni milliy jamoa yig‘iniga chaqirib, 3 kun ichida qanday tayyorlayman? Axir, men ham sehrgar emasman. Qanday yo‘l tutishim kerak?

«Bunyodkor»ning aksariyat futbolchilariga takliflar tushmoqda. Bilasizmi, hozir klubdan ketishimni e'lon qilsam, jamoaning qariyb 90 foizi boshqa klublarga tarqalib ketadi. Keyin esa kimlardir «Abramov ketishidan oldin hamma futbolchilarni sotib ketdi», deb aytadi. Hammaning ham fikrini izohlay olmayman, meni ishim kimnidir qayoqqadir sotish emas, vazifam jamoaga murabbiylik qilish. Kimdir klubdan ketsa, uni Abramov sotgan hisoblanmaydi. Aslida jurnalistlar sotishyapti ularni... Futbolchilarning o‘zidan so‘rash kerak, ularni aslida kim sotayotganligini. O‘zlari aytishsin boshqa klubga kim sotayotganligini. Ochig‘i, shu masala jahlimni chiqaradi.

Hozirgi vazifam «Bunyodkor» futbolchilarini boshqa klublarga tarqalib ketishdan saqlab qolishdir. Menku milliy jamoa manfaati uchun ham klubda qolishni istayman, ammo hammada shunday qarash vujudga keldiki, faqat klubda ishlashim shartdek. Bunday qarash qanday yuzaga keltirilgani va buni kim qilganini siz ham yaxshi bilasiz. Ular o‘ylashyaptiki, bu futbolimiz uchun to‘g‘ri bo‘ladi. Ular hamma narsani bilishadi. Nima ham qilardim. Vaziyat hozircha shunaqa. Klubdagi faoliyatim borasida ertaga, 26 dekabr seshanba kungi O‘FA kongressidan keyin aniq bir fikr bildirishim mumkin, - deydi Vadim Abramov Tribuna.uz muxbiri bilan suhbatda.
Mavzuga oid
17:32 / 28.07.2023
«Ispaniyada aniq o‘ynab ketardi». Abramov Fayzullayev Rossiya chempionatiga o‘tayotgani haqida
17:41 / 11.08.2022
«Samarqand – kuchliroq jamoaga munosib». Abramov «Dinamo»ni qanday qilib Superligada olib qolmoqchi?
13:34 / 09.08.2022
Vadim Abramov «Dinamo» bosh murabbiyi etib tayinlandi
12:13 / 16.11.2021