O‘zbekiston | 07:47 / 26.12.2020
4938
3 daqiqa o‘qiladi

O‘rindiq ostiga yashirilgan 493 million so‘mlik dorilar manzilga yetib bormadi

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati so‘nggi kunlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha ma'lumot berdi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyati bojxonachilari hamkorlikda «Navoiy» postiga kirib kelgan fuqaro M. J.  boshqaruvidagi «DAF» rusumli yuk avtomobilini bojxona ko‘rigidan o‘tkazdi.

Natijada, haydovchi dam olishi uchun mo‘ljallangan o‘rindig‘i ostida xufiyona tarzda yashirilgan, xorijda ishlab chiqarilgan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 493,1 million so‘mlik 5 028 dona sifati kafolatlanmagan dori vositalari borligi aniqlandi.

1858 dona «paqildoq»larni noqonuniy pullash rejasi amalga oshmadi

Bojxonachilar huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda toshkent shahrining Mirobod tumanida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Unda fuqaro B.B. shartli xaridorga 1858 dona pirotexnika vositalarini noqonuniy tarzda pullayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

550 million so‘mlik tovarlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari DXX va ichki ishlar xodimlari bilan hamkorlikda Yangiqo‘rg‘on tumanida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro M.A.ning dala hovlisi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada ushbu dala hovlida O‘zbekistonga qo‘shni mamlakatdan noqonuniy olib kirilgan, xorijda ishlab chiqarilgan, umumiy qiymati 550 million so‘mlik 350 dona televizor hamda 92 metr tikuvchilikda foydalaniladigan matolar borligi aniqlandi.

Dizelda yurishi aytilgan avtomashina propan-gazda harakatlanishi ayon bo‘ldi

Amaldagi tartibga ko‘ra, bojxona organlari tovarlar chiqarib yuborilganidan keyin ham bojxona nazoratini amalga oshirishga haqli.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan 2019 yil 6 martdagi PQ-4230-sonli prezident qaroriga asosan imtiyoz asosida «erkin muomalaga chiqarish» bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan «KIA BONGO» rusumli yuk tashishga mo‘ljallangan avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi.

Mazkur transport vositasi unga rasmiylashtirilgan bojxona yuk deklaratsiyasi ma'lumotlari asosida solishtirilganda, hujjatlarda transport vositasi «dizel yoqilg‘isida harakatlanadi» deya ko‘rsatilgani, amalda esa propan-gaz yonilg‘isida harakatlanib kelayotgani aniqlandi.

Ma'lum bo‘lishicha, uddaburon transport vositasini 251,7 mln so‘mlik bojxona to‘lovlaridan qochish maqsadida ushbu qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yganligi aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid