O‘zbekiston | 17:10 / 26.12.2020
9305
5 daqiqa o‘qiladi

Telegram-kanal egalari faoliyatini qonuniylashtirish imkoniyati paydo bo‘ldi

Internetda kanal ochib reklama joylashtirish orqali pul topadigan yoki tijoriy faoliyatga yaqin bo‘lmagan usullar bilan daromad olish orqali o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning qonuniy ishlashi uchun imkoniyat yaratilgan. Bunda yiliga 223 000 so‘m miqdorida soliq to‘lash lozim bo‘ladi.

Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Shuhrat Ismoilov AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida internet kanallari orqali o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning qonuniy faoliyat yuritishi uchun yaratilgan imkoniyat xaqida ma'lumot berdi.

«Bizda internet orqali tadbirkorlikka ko‘maklashish yoki bo‘lmasa frilanser faoliyat turlari bor. Agarda frilanser internet orqali savdo faoliyatidan tashqari boshqa biror-bir tijoriy xizmatlarni amalga oshiradigan bo‘lsa, u uchun 67 ta faoliyat turi belgilab qo‘yilgan.

O‘sha faoliyat turlarini tanlagan holda bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi ya'ni 111 ming 500 so‘m miqdorida ijtimoiy soliqni to‘lashi mumkin. Bu to‘lov miqdori 2020 yil uchun belgilangan.

2021 yildan boshlab esa BHMning 1 baravari miqdorida to‘lanishi soliq siyosati konsepsiyasida belgilangan va bu yaqin kunlarda qabul qilinadi», —dedi u.

Ma'lumot uchun, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatida quyidagi kasb egalari ham ijtimoiy soliq to‘lash orqali (yiliga 223 ming so‘m) o‘z faoliyatini erkin va ochiq olib borishi mumkinligi, shuningdek pensiya va staj hisoblanishi ta'kidlangan.

  • Matnni yaratish va ishlov berish (kopirayter, rerayter, SeO-kopirayter, SeO-rerayter, musahhih, kontent-menejyer, muharrir, ye-mail orqali xatlarni jo‘natish bo‘yicha mutaxassis, spichrayter, transkriber va boshqalar.
  • Mul'timedia, dizayn va san'at materiallarini yaratish va ishlov berish (veb-dizayner, grafika dizayneri, kompyuter o‘yinlari dizayneri, interer dizayneri, landshaft dizayneri, liboslar dizayneri, retusher, fotokollajchi, vektor grafikasi muharriri, arxitektor, vizuallashtiruvchi dizayner, ma'lumot dizayneri, interfeys dizayneri, texnik dizayner, moushn-dizayner, banner yasovchi, nashriyot dizayneri, flesher, 3D-dizayner, video muharrir, videooperator, bastakor, ovoz rejissyori, aranjirovkachi, suxandon, foto muharrir va boshqalar).
  • Dasturiy ta'minot, axborot tizimlari, mobil ilovalar va veb-saytlarni ishlab chiqish va texnik qo‘llab-quvvatlash (dasturchi, dasturiy ta'minotni sinovchi mutaxassis, veb-sahifalarni sahifalovchi, veb-tahlilchi, veb-saytlarni optimizatsiyalash bo‘yicha mutaxassis).
  • Tarjima qilish xizmatlari (badiiy adabiyotni tarjima qilish, texnik tarjima, veb-saytlar, filmlar, kompyuter va mobil ilovalar, taqdimotlar, video, audio va reklamalar tarjimasi).
  • Ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat (PR-menedjyer, internet-marketolog, ijtimoiy tarmoqlarda tovarlar (ishlar, xizmatlar) uni ilgari surish va reklama qilish (SMM), ijtimoiy tarmoq sahifalari administratori, akkaunt-menejyer, marketolog, link-menejyer, targetolog, kontekst-reklama bo‘yicha mutaxassis, direktolog, media rejalashtiruvchi, SMO mutaxassisi).

Qo‘mita raisi o‘rinbosari Fazliddin Umarovning aytishicha, soliqlarni muntazam to‘lab borgan frilanserlarga bir qator imtiyozlar beriladi. 

«Birinchidan, bu bugungi kunda o‘zini o‘zi band qilib yurganlarni qonuniy ishlashi uchun sharoitdir.

Ikkinchidan, mobil ilova orqali tekin ro‘yxatdan o‘tganidan keyin ularga «staj» ketish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Uchinchidan, o‘zi ixtiyoriy ravishda pensiya jamg‘armasiga to‘lovni amalga oshirsa, nafaqaga chiqishida albatta inobatga olish mexanizmi joriy qilindi.

Agar ro‘yxatdan o‘tmasdan yillar davomida o‘zini o‘zi band qilgan holda tirikchiligini qilib yursayu hech qayerda ro‘yxatga olinmasa, bilamizki, pensiya yoshiga borganda pensiyaga chiqish imkoniyati bo‘lmaydi.

Ular qarilik nafaqasini oladi. Ya'ni bugun erkak kishi uchun 60 yosh pensiya nafaqasi uchun belgilangan bo‘lsa, 65 yoshda ham ular budjetdan hech qanaqa pul ola olmaydi.

O‘zini o‘zi band qilgan fuqaro 60 yoshda nafaqaga chiqishni xohlasa, ro‘yxatdan o‘tib ixtiyoriy ravishda yilda bir marotaba soliq to‘lovini amalga oshirishi kerak bo‘ladi. Va bu avtomat ravishda bazada qoladi va nafaqaga chiqishda hech qanaqa ortiqcha hujjat talab qilinmasdan turib faqat bazani o‘zi hisob-kitob qilib beradi», — dedi qo‘mita rasmiysi.

Mavzuga oid