Jamiyat | 17:27 / 27.12.2020
17725
2 daqiqa o‘qiladi

Namangandagi «Otchopar»da to‘raqo‘rg‘onliklarning hosil bayrami va uloq musobaqasi o‘tkazildi - fotogalereya

Namangan shahrining Davlatobod tumanida joylashgan «Otchopar»da bu yil g‘alla va paxta rejasini birinchilardan bo‘lib bajargan to‘raqo‘rg‘onlik zahmatkashlar sharafiga uloq-ko‘pkari musobaqasi tashkil etildi.

Sovuq havo va yog‘ingarchilik bo‘lishiga qaramay, ko‘pkariga viloyatning barcha tumanlaridan, qo‘shni viloyatlar va Qirg‘izistondan jami mingga yaqin chavandozlar kelishdi. Uloq musobaqasini minglab tomoshabinlar kuzatib bordi.

Ko‘pkarida uloqni xuddi doshqozon singari qaynab turgan maydondan olib chiqish haqiqiy g‘oliblikdir. Lekin bundayin taloto‘pdan uloqni ajratib olishning o‘zi bo‘lmaydi. Buning uchun chavandozga yaxshi ot, bilak kuchi va ulkan tajriba kerak. Oting uchqur bo‘lsa-yu, senda chapdastlik yetishmasa, g‘olib chiqishni orzu qilmasang ham bo‘laveradi...

To‘raqo‘rg‘onlik chavandoz Hamidullo Qurbonov tumanning mashhur polvonlari bo‘lgan Fayzullo, Farhod va Ubaydullo chavandoz shogirdlaridan, hozirda chavandozning o‘g‘illari uloq surmoqda. Bugungi ko‘pkarida Hamidullo akaning Oxun polvon o‘g‘li uloq ayirmoqda.

Hosil bayramida viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov ham uloqqa qo‘shildi va solimlardan birinchi tuyani qo‘lga kiritdi. Ikkinchi tuya to‘raqo‘rg‘onlik Oxun polvonga nasib etdi.

Bundan tashqari, sovringa tikilgan toy, buzoq, qo‘y-echki, televizor kabi qimmatbaho sovg‘alarni uloqni belgilangan joygacha dadil ortmoqlab borgan g‘oliblar qo‘lga kiritishdi.

Yulduzxon Yuldasheva tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Shohrux Kenjayev.

Mavzuga oid