O‘zbekiston | 14:00 / 29.12.2020
3717
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yangi milliy akademik teatr quriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z murojaatnomasida 2021 yilda O‘zbekistonning madaniy-ma'rifiy hayotini yuksaltirish borasidagi muhim vazifalarni belgilab berdi.

«Kelgusi yilda O‘zbekistonda madaniy-ma'rifiy hayotni yuksaltirish masalasiga alohida e'tibor qaratiladi. Bunda madaniyat va san'at muassasalari faoliyatini jonlantirish, ularning moddiy-texnik ba'zasini mustahkamlashga budjetdan 420 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Jumladan, 2021 yilda hududlarda 22ta teatr va madaniyat obektlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi», deya prezident so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davlat rahbari murojaati davomida O‘zbekistonda madaniy hayotni yaxshilash borasida yana bir qator takliflar bilan chiqqan.

«Kelgusi yilda Toshkent shahri markazida yangi Milliy akademik drama teatri qursak nima deysizlar?» – deya yig‘ilishda qatnashayotgan madaniyat xodimlari va teatr arboblariga yuzlangan prezident.

Yig‘ilganlar esa uning bu taklifni qarsaklar bilan kutib olgan.

Mirziyoyev o‘z taklifini izohlar ekan, bu loyiha ustida anchadan beri ishlanayotganini ham ma'lum qilgan.

«Ko‘rasizlar, unga kirgan odam milliy akademik drama teatri ekanini darrov sezadi», degan u.

Davlat rahbarining madaniyat xodimlariga bildirgan navbatdagi taklifi sanoat muzeyini qurish yuzasidan bo‘lgan.

Ma'lum qilinishicha, yangi sanoat muzeyi mashhur yapon arxitektori Ando Tadao loyihasi asosida quriladi.

Murojaatda ta'kidlanishicha, 2021 yilda O‘zbekistonda yangi zamonaviy kutubxona hamda Alisher Navoiy nomli ijod maktablaridan iborat madaniyat va ma'rifat majmuasini barpo etish bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlangan.

«Shuningdek, kelgusi yilda O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab poytaxt markazida «Istiqlol» majmuasi qad rostlaydi», – degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bildirgan takliflardan yana biri ko‘p yillar davomida Toshkentda o‘tkazib kelingan «Toshkent Xalqaro kinofestivali»ni tiklash borasida bo‘lgan.

U bu borada «Toshkent Xalqaro kinofestivali»ni «Ipak yo‘li durdonasi – Toshkent Xalqaro kinofestivali» nomi bilan qayta tiklashni taklif qilgan.

Oxirgi yillarda O‘zbekistonda madaniy meros obektlariga turli ko‘rinishda zarar yetkazish holatlari ko‘p uchramoqda. Shavkat Mirziyoyev o‘z murojaatida bu masalaga ham alohida e'tibor qaratgan.

«Tarixiy merosimiz namunasi bo‘lgan 700 mingdan ziyod madaniy-meros obektlarini asrab avaylab kelajak avlodlar uchun bezavol yetkazishimiz zarur.

Afsuski, keyingi paytlarda bebaho merosimiz bo‘lgan ayrim obidalarimizga zarar yetkazish holatlari uchrayotgani bu borada e'tibor susayayotganidan dalolat.

Bu ish nafaqat madaniyat vazirligi, balki mahalliy hokimliklar, mahalla, OAV va keng jamoatchilikning ham diqqat markazida bo‘lishi ham zarur», – degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bu boradagi ishlarni tartibga solish maqsadida hukumatga bir oy muddatda madaniy meros obektlari hisobini yuritish, saqlash va himoyasini ta'minlash bo‘yicha alohida dastur qabul qilish vazifasini yuklagan.

Илёс Сафаров
Tayyorlagan Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid