O‘zbekiston | 20:13 / 31.12.2020
8262
3 daqiqa o‘qiladi

2021 yilda Toshkent shahri budjetiga qancha daromad kelishi aytildi

2021 yilda Toshkent shahar mahalliy budjeti daromadlari 4 trillion 69 milliard so‘m miqdorida yoki 2020 yilga nisbatan 14,4 foizga o‘sishi rejalashtirilmoqda.

31 dekabr kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 30-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda shaharning 2021 yildagi mahalliy daromad va xarajatlar prognozlari muhokama qilindi.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilda Toshkent shahar mahalliy budjeti daromadlari 4 trillion 69 milliard so‘m miqdorida yoki 2020 yilga nisbatan 14,4 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Toshkent shahar moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i Lutfilla Ismatullayev kelgusi yilda ham bazaviy soliq stavkalari saqlanib qolishini aytdi.

«2021 yilda bazaviy soliq stavkalarini saqlab qolish ko‘zda tutilgan. Xususan, qo‘shimcha qiymat solig‘i 15 foiz, foyda solig‘i 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 12 foiz, aylanmadan olinadigan soliq 4 foiz miqdorda saqlanib qolmoqda», dedi u.

Toshkent shahar hokimligi xabariga ko‘ra, sessiyada ijtimoiy soha xarajatlari ustuvor ekani, buning uchun shahar mahalliy budjetidan 2 trillion 81 milliard so‘m yoki umumiy xarajatlarning 51 foizi miqdorida mablag‘ sarflanishi aytilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 166 milliard so‘mga ko‘pligi qayd etilgan.

Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Hotambek Shakirov budjet daromadlariga qo‘shimcha manbalardan tushadigan daromadlar haqida ma'lumot bergan.

«2021 yilda mahalliy budjet daromadlarini qo‘shimcha manbalariga kutilayotgan tushum 1 trillion 190 milliard so‘mni tashkil etishi hisoblangan. Bu asosan, 3 ta manbadan iborat. Daromadlar rejasini oshirib bajarish hisobiga 1 trillion 106 milliard so‘m, davlat mulkini sotishdan tushadigan mablag‘lar 43 milliard so‘m va musodara qilingan mol-mulklarni sotishdan tushadigan mablag‘lar hisobiga 40 milliard so‘m», degan hokim o‘rinbosari.

Ma'lumot uchun, Toshkent shahrining 2021 yil uchun mahalliy budjetida yalpi hududiy mahsulotning hajmi 89,1 trln so‘mni tashkil qilishi prognoz qilinmoqda.

Shu bilan birga, yalpi hududiy mahsulotning o‘sish sur'atini 11 foizga, sanoat mahsulotlarining o‘sish sur'atini 6,3 foizga, xizmat ko‘rsatish sohasi o‘sish sur'atini 12,6 foizga va chakana tovar aylanmasining o‘sish sur'atini 7,3 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Алишер Рўзиохунов
Tayyorlagan Алишер Рўзиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid