Koronavirus pandemiyasi yuqumli kasalliklar tarqalishining avj olishi naqadar xavfli va vayronkor bo‘lishini yana bir bor esga olishga majbur qildi. Bunday holatlarda vaksinalar ko‘pincha normal hayotga qaytish uchun yagona chora bo‘ladi.

Koronavirus ommaviy vaksinatsiya bilan kurashilayotgan yagona g‘anim emas. Yuz millionlab insonlar dunyoni dahshatga solgan ko‘zga ko‘rinmas qotil dastidan omon qolish baxtiga muyassar bo‘lgan. Gap, albatta, sifatli tibbiy xizmatlar bor joyda yashagan odamlar haqida ketyapti.

Odamlar hayotini najot sari yetaklagan zamonaviy fan yutug‘i bo‘lmish vaksinalar haqida.

Chechak

Chechakka qarshi emlash bu sohadagi eng katta muvaffaqiyatdir. XX asrning o‘zida bu kasallikdan halok bo‘lganlar soni 300 millionni tashkil qiladi. Avvalgi davrlardagi qurbonlar soni hisoblanmagan. Chechak bilan og‘riganlarning 30 foizi tanalari yiringli yara bilan qoplanib, ko‘p azob-uqubatlarda vafot etishgan. Qolganlar ko‘r bo‘lib qolishgan yoki bir umrga teridagi xunuk izlar bilan yashab o‘tishga majbur bo‘lishgan.

Foto: Reuters

Yuz yillar mobaynida odamlar chechakdan davo istab qilmagan ishlari qolmagan. Nihoyat vaksina bu bedavo dardga malham bo‘la oldi.

Insonni sun'iy ravishda kasallikning yengil shakli bilan kasallantirib, immunitet hosil qilish fikri, katta ehtimol bilan Xitoyda paydo bo‘lgan. Manbalarga ko‘ra, 1000 yilcha muqaddam odamlar chechakka chalinganlarning yaralarini quritib, maydalangan kukunini burun orqali ichga yutganlar yoki chechak yiringiga botirilgan paxta bo‘lagini quloqqa bosishgan.

Foto: Getty Images

Afrikada igna yordamida yiring shimdirilgan ipni teri ostiga kiritishgan. Britaniyada esa XVIII asrda aristokratligi va zakovati bilan tanilgan Meri Montegyu chechakka qarshi emlashni faol targ‘ib qilgan. Uning o‘zi ham yoshligida chechak bilan og‘rigan va eri elchi bo‘lib ishlagan Turkiyada shunday amaliyotni ko‘rgandi.

Bu kabi usul baribir ishonchli emasdi. Har o‘ttizinchi emlangan odam chechakning og‘ir shakliga chalinib vafot etavergan. Angliyalik fermerlar sigir chechagi insonga yuqishi, lekin o‘limga olib bormasligini sezib qoladilar. Bu holatni o‘rgangan tabib Edvard Jyenner sigir chechagi asosida ilk ishonchli va xavfsiz vaksinani yaratadi.