O‘zbekiston | 08:29 / 02.01.2021
3453
3 daqiqa o‘qiladi

Suv omborlarida doimiy seysmologik kuzatuvlar olib boriladi

Vazirlar Mahkamasining «Respublikaning seysmik faol hududlarida joylashgan suv omborlarida instrumental seysmologik kuzatuvlarni doimiy amalga oshirish tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, qaror bilan FVV, Fanlar akademiyasi, Suv xo‘jaligi vazirligining respublika seysmik faol hududlarida joylashgan suv omborlarida instrumental seysmologik kuzatuvlarni doimiy amalga oshirish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.
 
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

Respublikaning seysmik faol hududlarida joylashgan suv omborlarida instrumental seysmologik kuzatuvlarni doimiy amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Suv omborlarida instrumental seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish uchun sotib olinishi zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va ularning butlovchi qismlari ro‘yxati.
 
Suv xo‘jaligi vazirligi va «O‘zbekgidroenergo» AJga quyidagilar amalga oshirish topshirildi:

a) Fanlar akademiyasi va FVV bilan birgalikda 1.03.2021 yildan boshlab:

respublikaning seysmik faol hududlarida joylashgan suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni doimiy amalga oshirish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish va takomillashtirib borish;

instrumental seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini, tadqiqotlar uchun zarur bo‘ladigan barcha ma'lumotlar taqdim etilishini nazoratga olish;

shartnoma asosida seysmologik kuzatuvlar tashkil etilishi, faoliyat yuritishi va takomillashtirilishiga amaliy yordam ko‘rsatish;

b) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda instrumental seysmologik kuzatuvlarni doimiy amalga oshirish tizimi joriy etilishini hisobga olgan holda, «Elektron hukumat» tizimini takomillashtirish.
 
Qabul qilingan Nizomda belgilanishicha, seysmologik kuzatuv tizimi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

suv omborlarining seysmik holatiga ta'sir ko‘rsatuvchi omillar to‘g‘risidagi axborotlarni tizimli ravishda to‘plab borish, qayta ishlash hamda tahlil qilish;

suv omborlariga suvni yig‘ish va chiqarish, shuningdek suv omborlaridan foydalanish jarayonidagi seysmik rejim o‘zgarishini baholash va tegishli tavsiyalarni berish.
 
Seysmologik kuzatuv tizimi atrof tabiiy muhit davlat monitoringi kompleks tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi.
 
Quyidagilar seysmologik kuzatuv tizimining vazifalari hisoblanadi:

suv omborlarida muntazam ravishda seysmologik kuzatuv ishlarini tashkil etish;

suv omborlarida maxsus seysmik tadqiqotlar olib borish, jumladan suv omborlariga suvni yig‘ish va chiqarish, shuningdek suv omborlaridan foydalanish jarayonida yuzaga keladigan zilzilalarni monitoring qilish;

suv omborlari, ularning to‘g‘onlari, qirg‘oq qiyaliklari va boshqa alohida inshootlari, asos qismlari va suv o‘zanlarini turli jadallikdagi zilzilalar vaqtidagi holati to‘g‘risida seysmologik kuzatuvlar bo‘yicha ma'lumotlarni to‘plash;

seysmologik kuzatuv ma'lumotlari asosida suv omborlari to‘g‘onlarining dinamik xossalarini o‘rganish va kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatini baholash va boshqalar.
 
Hujjat 18.12.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid