O‘zbekiston | 10:02 / 03.01.2021
8028
2 daqiqa o‘qiladi

Chimyondagi yo‘llarda 5 yanvargacha bir tomonlama harakat tashkil etiladi

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining tog‘li qismida joylashgan ayrim yo‘llarda 5 yanvar kuniga qadar avtomobillarning bir tomonlama harakati tashkil etiladi.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Ma'lum qilinishicha, tumandagi yo‘llarning o‘tkazuvchanlik qobiliyati inobatga olinib, turli ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida avtomobillar harakatlanishi cheklanmoqda.

«Yangi yil bayrami munosabati bilan yurtimizda 1, 2, 3 yanvar kunlari dam olish kuni deb belgilanishi munosabati bilan ko‘plab fuqarolar Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi tog‘li hududlarda joylashgan dam olish maskanlariga uzluksiz ravishda tashrif buyurmoqda. 

Tumandagi avtomobil yo‘llarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini inobatga olib, turli ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida joriy yilning 5 yanvar kuniga qadar 4R-12 Bektemir—Chorbog‘ avtomobil yo‘lining 61-kilometridan 4R-6 Toshkent—Chirchiq—Chimyon avtomobil yo‘lining 57-kilometriga o‘tish qismidan, ya'ni Bo‘stonliq tumanining G‘azalkent shahridan chiqish joyidan to 4R-6 avtomobil yo‘lining 87-kilometriga — Bo‘stonliq tumani Yusufxona aholi yashash joyiga qadar avtomobillarning harakatlanishi bir tomonlama qilib tashkil etiladi», — deyiladi xabarda.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Idora matbuot xizmati ushbu holatda barcha haydovchilardan vaziyatni to‘g‘ri tushunib, o‘rnatilgan yo‘l belgilariga rioya qilishni, xizmatga jalb qilingan YPX inspektorlarining ishora va ko‘rsatmalariga amal qilib harakatlanishni so‘ragan.

Avvalroq Chimyonda dam oluvchilar sonining keskin ortib ketgani sabab tog‘ga ko‘tarilish yo‘lida mashinalar harakati vaqtincha cheklangani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid