O‘zbekiston | 23:35 / 06.01.2021
126304
3 daqiqa o‘qiladi

Jasur Umirov ishi bo‘yicha yangi tafsilotlar ochiqlandi

Tergov departamenti Jasur Umirovning ikki tanishi ham voyaga yetmagan qizning nomusiga tekkanini ma'lum qildi. Oliy sud xabariga ko‘ra, ish Kattaqo‘rg‘on shahar sudida yopiq tarzda ko‘riladi.

Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti voyaga yetmagan qizning nomusiga tegishda ayblanayotgan xonanda Jasur Umirov ishi bo‘yicha tergovning ayrim tafsilotlarini ma'lum qildi.

Tergov jarayonida aniqlanishicha, 2020 yil 13 iyun kuni Urgut tumani Oqmachit mahallasida yashovchi voyaga yetmagan fuqaro (2003 y.t.) va uning Kattaqo‘rg‘on tumani Kattako‘rpa mahallasida yashovchi dugonasi (2003 y.t.) uning tanishi – xonanda Jasur Umirov bilan yaqindan tanishish uchun Kattaqo‘rg‘onga borgan.

Tergov xulosasida Jasur Umirov ularni tanishining uyiga olib borgani, pivo ichirib, qizning ojizligidan foydalanib, nomusiga tekkani aytiladi.

Bundan tashqari, ma'lum bo‘lishicha, J.Umirovdan tashqari uning ikki tanishi ham voyaga yetmagan jabrlanuvchining nomusiga tekkan.

Xonanda 21 dekabr kuni ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan edi. Uning ikki tanishiga nisbatan «garov» ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Oliy sud axborot xizmati bergan xabarga ko‘ra, ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) 1-qismi talablariga muvofiq yopiq tarzda ko‘riladi.

Jinoyat ishi 6 yanvar kuni JPKning 391-moddasi (jinoyat ishining hududiy jihatdan sudlovga tegishliligi) tartibida, ya'ni jinoyat sodir etilgan hududdagi jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudiga mazmunan ko‘rib chiqish uchun yuborildi.

Jasur Umirov Jinoyat kodeksining 118-moddasi 3-qismi «a» bandi (shaxsning 18 yoshga to‘lmaganini bila turib nomusga tegish) bilan ayblanmoqda.

Yana ikki nafar shaxs qizning nomusiga tekkani aniqlangan bo‘lsa-da, ularga nomusga tegish ayblovi qo‘yilmagan. Sudlanuvchilar A.Z. va Sh.Q. Jinoyat kodeksining 238-moddasi (yolg‘on guvohlik berish) 1-qismi va 241-moddasi (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) 2-qismi bilan ayblangan.

Eslatib o‘tamiz, avvaliga Kattaqo‘rg‘on tuman IIB jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgach, sentyabr oyida qizning o‘zi va yaqinlari Kun.uz'ga voqea haqida ma'lumot bergan edi. O‘shanda Umirov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda qizning voyaga yetmaganini bilmaganini aytgandi.

Mavzuga oid