O‘zbekiston | 19:06 / 10.06.2021
68533
2 daqiqa o‘qiladi

Xonanda Jasur Umirovga tayinlangan jazo boshqasiga almashtirildi

Oliy sud Jasur Umirovga tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini ozodlikni cheklash jazosiga almashtirdi.

Internetda tarqalgan videodan kadr

Kun.uz manbasi ma'lumotiga ko‘ra, Jasur Umirovning shikoyati asosida u bilan bog‘liq jinoyat ishi 2021 yil 8 iyun kuni Oliy sudda kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudining 2021 yil 2 fevral kungi hukmiga o‘zgartirish kiritilgan.

Unga ko‘ra, hukmda nazarda tutilgan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi Oliy sud ajrimi bilan 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirilgan.

Bunda, Jasur Umirovning shu vaqtgacha qamoqda bo‘lgan davri chegirib tashlangan.

Bunga qadar esa ushbu ish 2021 yil 12 mart kuni Samarqand viloyat sudida apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, JIB Kattaqo‘rg‘on shahar sudining hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Ma'lumot uchun, ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxs sud tomonidan belgilangan taqiqlarga (cheklashlarga) rioya etishi, shuningdek o‘zining jazoni o‘tashi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha og‘zaki yoki yozma tushuntirishlar berish uchun chaqiruv bo‘yicha jazolarni ijro etish inspeksiyasiga kelishi lozim bo‘ladi.

Bunda jazo tayinlangan shaxs muayyan vaqtda yashash joyidan ketishga, tegishli ma'muriy hudud doirasida joylashgan ma'lum joylarga borishga yoxud tegishli ma'muriy hudud doirasidan chiqish uchun jazolarni ijro etish inspeksiyasi tomonidan berilgan ruxsatnoma olishi lozim bo‘ladi.

Mavzuga oid