O‘zbekiston | 21:30 / 07.01.2021
9286
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz»: 2021 yil uchun geologiya-qidiruv yo‘nalishidagi vazifalar belgilab olindi

5 yanvar kuni «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida tabiiy gaz ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalari, boshqarma va zavodlar, neft bazalari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi. Unda «O‘zbekneftgaz» AJ tarmog‘ida 2021 yil «Geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish yili» deb e’lon qilindi.

Shuningdek, joriy yilda 35 mlrd kub metr tabiiy gaz zaxiralarini va 900 ming tonna gaz kondensati zaxiralarini o‘stirish vazifasi belgilab olindi.

«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan 2021 yilda geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, joriy yil davomida 1370 kv.km 3D seysmorazvedka ishlari amalga oshiriladi.

3D seysmik qidiruv ishlari natijasida Buxoro–Xiva neftgaz regionining Gazli uchastkasidagi «Uchqir», «Sho‘rtan» va «Sho‘rtan» oldi konlari atrofining geologik tuzilishi o‘rganiladi va neft-gazga istiqbolli strukturalar aniqlanadi.

Shuningdek, 19 ta yangi istiqbolli maydonda burg‘ilash ishlari olib boriladi. Izlov-qidiruv quduqlarida belgilangan 170,0 ming pogon metr hajmda burg‘ilash ishlari olib borish natijasida 50 ta quduq qurilishini tugatish nazarda tutilmoqda.

Dastur doirasida yer qa’rini ilmiy asosda geologik o‘rganish maqsadida ilmiy-tadqiqot ishlarining o‘tkazilishi istiqbolli neftgaz hududlarini aniqlash, yangi neft va gaz konlari va obektlarining ochilish, geologiya qidiruv ishlarining yo‘nalishlarini belgilash va muvofiqlashtirish, kutilayotgan uglevodorod zaxiralarini o‘stirib borish hamda unga bo‘lgan taqchillikni bartaraf qilish imkonini beradi.

Geologiya qidiruv ishlar natijasida, tabiiy gaz – 35,0 mlrd kub metrga, suyuq uglevodorodlar esa 900,0 ming tonnaga o‘stiriladi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid