Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori G‘ayrat Qoriyev shifokorlar uchun ayniqsa murakkab o‘tgan 2020 yil so‘ngida «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi» unvoni bilan taqdirlandi.

Shifokor Kun.uz muxbiri bilan suhbatda O‘zbekiston tibbiyoti, pandemiya va neyroxirurgiyaga doir qator masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

– Yaqinda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi» unvoni bilan mukofotlandingiz. Otangiz Marat Qoriyev ham taniqli neyroxirurglardan biri bo‘lgan. Kasb tanlashingizda uning hissasi katta ekanini aytgansiz.

– Otam professor Marat Qoriyev yurtimizda neyroxirurgiya sohasining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan, neyroxirurgiya maktabining asoschisi sifatida tanilgan edi.

Shifokorlar oilasida, yoshligimdan otamning shogirdlariga davolash usullari bo‘yicha bergan maslahatlarini eshitib ulg‘aydim, qiziqishim oshardi. Otam ko‘pincha viloyatlarda murakkab operatsiyalar o‘tkazgani uchun uyda kam bo‘lardi. Ba'zan dam olish yoki ta'til kunlarida ukam ikkalamizni o‘zi bilan tez yordam mashinasida olib ketar edi. Bugungi kunda dunyoning turli nuqtalaridagi shogirdlari uning ishini davom ettirishmoqda. Otamning vafotiga 12 yil bo‘ldi, lekin hamon har bir ishimni uning o‘gitlariga tayanib bajaraman.

Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning qo‘lidan mukofotni olarkanman, otam haqida, uning ishini munosib davom ettirishim va O‘zbekistondagi neyroxirurgik xizmatni takomillashtirishim kerakligi haqidagi yaxshi so‘zlarini eshitib xursand bo‘ldim.

– Tibbiyot uzluksiz o‘rganishni talab qiladigan soha. Neyroxirurgiyada bugun qanday yangi tadqiqotlar olib borilmoqda?

– Neyroxirurgiya – bu jadal rivojlanayotgan soha. Texnologik taraqqiyot va tibbiyot amaliyotiga zamonaviy diagnostika va terapevtik usullar joriy etilishi neyroxirurglardan doimiy ravishda o‘z ustida ishlashni talab qiladi. U muntazam o‘qishi, kasalliklarni tashxislash va davolash bo‘yicha zamonaviy yondashishi kerak. Hozir vaziyat tubdan o‘zgargan. Bugun dasturlash asosidagi MRT tekshiruvlari ko‘p operatsiyalarni og‘riqlarsiz amalga oshirish imkonini beradi.

O‘zbekistondagi tibbiyot OTMlarida neyroxirurgiya yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga alohida e'tibor berilmoqda. Yosh mutaxassislar xorijning yetakchi klinikalarida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar. Ilgari chet elda o‘qish uchun moddiy yordam yo‘qligi sababli yosh mutaxassislar soni kam edi. Biroq, 2017 yildan boshlab prezident qarorlari tufayli davlat xorijda uzoq muddatli ta'limni moliyalashtirish uchun pul to‘lay boshladi. Bu juda muhim qadam.