O‘zbekiston | 11:06 / 07.01.2021
8667
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagi migrantlar qator holatlarda yuridik tashkilotlar xizmatidan foydalanishi mumkin - Migratsiya agentligi

Foto: RIA Novosti

Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan o‘zbekistonliklarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ushbu mamlakatdagi yuridik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan hamkorlik bitimlarini imzolagan.

Agentlik xabariga ko‘ra, ushbu bitimlarga muvofiq quyidagi hollarda huquqiy himoya qilish ko‘zda tutilgan:

  • mehnatga haq to‘lash tartibi bo‘yicha - ish beruvchi tomonidan hujjat bilan tasdiqlangan qarzdorliklarni undirishga oid da'volarni sudgacha bo‘lgan tartibda yoki sud tartibida hal qilish;
  • mehnat majburiyatlarini bajarish vaqtida mehnat migrantining sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun ish beruvchi tomonidan moddiy va ma'naviy zararlarni qoplashga oid da'volarni sudgacha bo‘lgan tartibda yoki sud tartibida hal qilish masalalari;
  • ishchining mehnat vazifalarini bajarish jarayonida vafot etishi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash yoki mehnat vazifalarini bajarishda sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun moddiy to‘lovlarni undirish yuzasidan sug‘urta polisi yoki Rossiya Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan sug‘urta to‘lovlariga oid da'volarni sudgacha bo‘lgan tartibda yoki sud tartibida hal qilish masalalari;
  • Rossiyadan ma'muriy chiqarib yuborish to‘g‘risida noqonuniy qabul qilingan sud qarorlarini bekor qilish yuzasidan apellyatsiya va kassatsiya tartibida shikoyat kiritish borasidagi yuridik harakatlar.

Yuridik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarga haq to‘lash Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid