Qirg‘izistonda prezident saylovlari bo‘lib o‘tmoqda
10 yanvarda Qirg‘izistonda muddatdan avval prezident saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Respublika rahbari lavozimiga 17 nomzod kurash olib boradi. Prezident saylovlari bilan bir vaqtda mamlakatdagi boshqaruv shakli bo‘yicha referendum ham o‘tkaziladi.
Shu munosabat bilan respublikada 2476ta saylov uchastkasi soat 8dan o‘z ishini boshlagan. Barcha uchastkalarda ovoz berish koronavirusga qarshi sanitar-epidemiologik choralarga rioya qilingan holda o‘tkaziladi. Jumladan, barcha tashrifchilar tibbiy niqoblar va sanitayzerlar bilan ta'minlanadi, ijtimoiy masofaga rioya qilinishi ortidan kuzatuv olib boriladi.
Prezident saylovlari bilan bir vaqtda mamlakatdagi boshqaruv shakli bo‘yicha referendum o‘tkaziladi. Saylovchilar mamlakatda parlament boshqaruvi shaklini saqlab qolish, prezident shakliga o‘tish yoki barcha variantlarga qarshi ovoz berishlari mumkin bo‘ladi. Ayni vaqtda respublikada boshqaruvning prezident-parlament shakli amal qilmoqda.
Saylovlarda respublikaning o‘zida va xorijda 3,5 mlndan ko‘proq qirg‘izistonlik ishtirok eta oladi. Prezident saylovlari ovoz beruvchilarning har qanday davomatida, referendum esa davomat 30 foizdan yuqoriroq bo‘lganda bo‘lib o‘tgan deb tan olinadi. Prezident saylovlarining 1-bosqichida 50 foizdan ko‘proq ovoz to‘plagan nomzod g‘alaba qozonishi mumkin. Aks holda saylovlarning 2-bosqichi belgilanadi.
Prezident saylovlari natijalari 15 kun ichida, referendum natijalari esa 35 kun ichida e'lon qilinishi belgilangan.
Qirg‘izistonda muddatdan avval prezident saylovlarini o‘tkazishga ehtiyoj mamlakatning sobiq prezidenti Sooronbay Jeenbekovning iste'foga chiqishiga olib kelgan siyosiy inqiroz bilan bog‘langan.
Prezident lavozimi uchun 17 nomzod, jumladan Jeenbekov iste'fosidan keyin mamlakat boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan Sadir Japarov da'vogarlik qilmoqda. Ekspertlarning fikricha, Japarovning g‘alaba qozonishga imkoniyatlari yuqori bo‘lib, u 1-bosqichdayoq muvaffaqiyatga erishishi mumkin.
Japarovga bir necha nomzod, jumladan “Yagona Qirg‘iziston” partiyasi yetakchisi Adaxan Madumarov, “Qirg‘iziston” partiyasi rahbari Kanat Isayev, Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq raisi Abdil Segizbayev haqiqiy raqobat tashkil qilishi mumkin.
2020 yil 4 oktyabrda Qirg‘izistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tgandi. Saylovlarning ertasi kuniyoq mag‘lub bo‘lgan partiyalar tarafdorlarining saylovlar natijalariga qarshi norozilik namoyishlari boshlanib ketgandi. Keyinroq saylovlar natijalari bekor qilingan.
O‘shanda namoyishchilar bosimi ostida bir qator taniqli siyosatchilar, jumladan Sadir Japarov turmadan ozod qilingandi.
Oktyabrdagi voqealar oqibatida Sooronbay Jeenbekov o‘z iste'fosini e'lon qilgan. Mamlakatdagi vaziyatni o‘nglash uchun deputatlar Japarovni bosh vazir deb e'lon qilishgan. Keyinroq u mamlakat boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan, biroq prezident lavozimiga nomzod bo‘lgandan keyin amaldagi tartib-qoidalarga ko‘ra prezident vakolatlarini parlament spikeri Talant Mamitovga topshirgan.
Mavzuga oid
17:23 / 21.12.2024
Sadir Japarov Yevroparlamentni Qirg‘iziston siyosatiga aralashmaslikka chaqirdi
18:05 / 20.12.2024
Sadir Japarov: Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga yordamdir
17:37 / 20.12.2024
O‘zbekiston elchisi prezident Sadir Japarovga ishonch yorliqlarini topshirdi
17:13 / 20.12.2024