AQShda «Trampning hamyoni» deb atalgan milliarder vafot etdi
AQShda Las-Vegas, Makao va Singapurda kazinolarga egalik qiluvchi Las Vegas Sands kompaniyasi asoschisi, milliarder Sheldon Adelson 87 yoshida vafot etdi. Kompaniyada ta'kidlanishicha, milliarderning vafotiga nexodjkin limfomasi deb ataluvchi saraton kasalligini davolash bilan bog‘liq asoratlar sabab bo‘lgan.
“Bizning asoschi va uzoqni ko‘ruvchi yetakchimiz Sheldon Adelson nexodjkin limfomasini davolash bilan bog‘liq asoratlardan 87 yoshida vafot etdi. Muhojirlar oilasida tug‘ilgan va Bostonning kambag‘al tumanida ulg‘aygan mister Adelson ko‘cha burchagida gazeta sotgan o‘smirdan dunyodagi eng muvaffaqiyatli tadbirkorgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan”, deyilgan kompaniya xabarida.
Marhumning rafiqasi Miriam Adelson turmush o‘rtog‘i “uzoq davom etgan kasallik asoratidan” vafot etganini tasdiqlagan.
Las Vegas Review Journal nashrining xabar berishicha, Adelson 2019 yildan beri ushbu kasallikdan aziyat chekkan. Ta'kidlanishicha, milliarder rafiqasining vatani Isroilda dafn etiladi.
Forbes bo‘yicha boyligi 35 mlrd dollarga baholangan milliarder AQSh Respublikachilar partiyasining yirik homiylaridan va Donald Trampning eng nufuzli tarafdorlaridan biri bo‘lgan. 2016 yilgi saylov kampaniyasi vaqtida Adelsonni “Trampning hamyoni” deb atashgan.
Fox News nashrining ta'kidlashicha, 2020 yilgi saylov kampaniyasi davomida Trampning “sodiq va uzoq yillik tarafdori” bo‘lgan Adelson respublikachilarni qo‘llab-quvvatlash uchun hammadan ko‘proq mablag‘ – 430 mln dollar sarflagan.
O‘z saylov kampaniyasi vaqtida Adelsonning moliyaviy ko‘magidan foydalangan Kichik Jorj Bush marhum biznesmenni “amerikalik vatanparvar, saxovatpesha va Isroilning jur'atli tarafdori” deb atagan.
Mavzuga oid
17:20 / 10.12.2024
Bill Geyts milliarder bo‘lishda yordam bergan bolaligidagi odati haqida aytib berdi
23:45 / 09.12.2024
Hindistonlik milliarderlarning umumiy boyligi 905 mlrd dollardan oshdi
18:28 / 04.12.2024
Italiya avstriyalik milliarder Rene Benkoni hibsga olishga order berdi
21:33 / 24.11.2024