O‘zbekiston | 11:15 / 13.01.2021
24181
4 daqiqa o‘qiladi

2020 yilda eng ko‘p moliyaviy qonunbuzilish holatlari qaysi vazirliklar tizimida kuzatilgani ma'lum bo‘ldi

Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2020 yilda budjet intizomiga rioya etilishi va budjet mablag‘larning maqsadli foydalanishi yuzasidan 4 729ta nazorat tadbirlarida 246 mlrd so‘m miqdorida budjet intizomi buzish, pul va tovar-moddiy boyliklar kamomadi va asossiz xarajatlar aniqlandi. 

Moliya vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, vazirliklar va idoralar bo‘yicha qonunbuzilish holatlari, boshqa xato-kamchiliklar quyidagilarni tashkil etdi:

Xalq ta'limi vazirligi tizimida o‘tkazilgan 709ta nazorat tadbirlarining 573tasida 96,6 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2019 yilga (29,8 mlrd so‘m) nisbatan 3,2 martaga oshgan;     

Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida o‘tkazilgan 723ta nazorat tadbirlarining 523tasida 40 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2019 yilga (13,8 mlrd so‘m) nisbatan 2,9 martaga oshgan;

Maktabgacha ta'lim vazirligi tizimida o‘tkazilgan 327ta nazorat tadbirlarining 270tasida 16,7 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2019 yilga (8,3 mlrd so‘m) nisbatan 2 martaga oshgan;

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimida o‘tkazilgan 124ta nazorat tadbirlarining 106tasida 9,4 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2019 yilga (1,1 mlrd so‘m) nisbatan 8,5 martaga oshgan.

Shuningdek, Madaniyat vazirligi (6,8 mlrd so‘m), Suv xo‘jaligi vazirligi (5,6 mlrd so‘m), Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vazirligi (5 mlrd so‘m), Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (4,1 mlrd so‘m), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (3,1 mlrd so‘m) va ular tizimidagi budjet tashkilotlarida ham yirik miqdorda moliyaviy qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

“O‘zbekkino” milliy agentligida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 17,9 mlrd so‘m miqdorida moliyaviy qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Bundan tashqari, hokimliklar (3,5 mlrd so‘m), hokimliklarning obodonlashtirish boshqarmalari (7,8 mlrd so‘m), hokimliklar huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari (8,4 mlrd so‘m)da o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida ham moliyaviy qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.

Mahalliy budjetlar mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida jami 175,3 mlrd so‘m miqdorida, jumladan Qashqadaryo (26,1 mlrd so‘m), Andijon (19,8 mlrd so‘m), Surxondaryo (16,5 mlrd so‘m), Farg‘ona (14,4 mlrd so‘m), Toshkent (13,2 mlrd so‘m), Jizzax (13 mlrd so‘m), Samarqand (13 mlrd so‘m), Sirdaryo (12,9 mlrd so‘m), Namangan (12 mlrd so‘m), Xorazm (6 mlrd so‘m), Buxoro (3,6 mlrd so‘m), Navoiy (2,4 mlrd so‘m) viloyatlarida hamda Toshkent shahrida (13,8 mlrd so‘m) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (8,1 mlrd so‘m) qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklar aniqlangan.

2020 yilda budjet muassasalarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 54,5 mlrd so‘m miqdorida naqd pul mablag‘larini o‘zlashtirish (bankdan olingan naqd pulni tashkilot g‘aznasiga kirim qilinmasligi, ishlamagan shaxslarga ish haqi hisoblanib, to‘lanishi va boshqalar) holatlari aniqlangan bo‘lib, ushbu qonunbuzilish holatlari o‘tgan yil (2019 yilda 7,2 mlrd so‘m)ga nisbatan 7,5 martaga ko‘paygan. 

Budjet qonunchiligini buzganligi uchun budjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarning 48 nafar rahbar va boshqa mansabdor shaxslariga o‘rnatilgan tartibda jarimalar qo‘llanildi.

Shuningdek, 3 033ta nazorat tadbirlarida aniqlangan 239,5 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari qonuniy choralar ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.  

Mavzuga oid