18:28 / 13.01.2021
5197

Sirdaryo havzasining ekologik holati nazorati uchun dronlardan foydalanish boshlandi

Sirdaryo daryosi suvini muhofaza qilish, uning hududida chiqindilarni joylashtirish bilan bog‘liq holatlarni aniqlash maqsadida dronlardan foydalanish boshlandi. Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati Kun.uz’ga shu haqda xabar berdi.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati

Ta'kidlanishicha, 11-12 yanvar kunlari Sirdaryo daryosida ilk marta zamonaviy texnologiyalardan foydalanilgan holda kamera bilan jihozlangan dronlar orqali reyd tadbirlari o‘tkazilgan.

«Sirdaryo daryosi o‘zanini test rejimda o‘rganish natijasida suv muhofazasi talablarining buzilishi, suv obektlarini oqova suvlar bilan ifloslantirish, suv muhofazasi hududida chiqindilarni joylashtirish bilan bog‘liq salbiy holatlar aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan choralar ko‘rildi. 

Shuningdek, reyd davomida qum shag‘al qazib olish ishlari belgilangan uchastka doirasidan tashqarida – belgilanmagan joylardan, o‘zan qolib, qirg‘oq qismidan qazish ishlari olib borilgan holatlar ham aniqlandi. Bu esa, o‘z navbatida, qirg‘oqlar eroziyasini keltirib chiqarishi tayin.

O‘zan tozalash ishlari istalgan parametrlarda amalga oshirilishi natijasida daryo o‘zani relefi tabiiy landshafti keskin buzilgan, yer osti suvlari ochilib yuzaga qalqib chiqqan va oqimsiz ko‘lmaklar hosil bo‘lgan uchastkalar ham borligi ko‘ngilni xira qildi, afsus.

Har bir kon ajratmasiga ega korxona o‘z hududi chegarasi doirasida uni qo‘riqlashi, muhofaza qilishi lozim. Afsuski, bunga faqat ekologiya inspektorlari javobgardek, go‘yo», – deyiladi xabarda.

Ma'lum bo‘lishicha, reyd davomida suvni muhofaza qilish hududlariga og‘ir yuk tashuvchi texnikalar tomonidan turli chiqindilar, ayniqsa qurilish chiqindilarini to‘kib ketish, suvlarni ifloslantirish holatlari ham aniqlangan. Shu boisdan, qo‘mita barcha tashkilotlarni birgalikda hamkorlik qilishga chaqirgan.

Top