18:02 / 14.01.2021
5443

«Toshkent shahar suv ta'minoti»: Suv tarmoqlari eskirganligi sababli yildan yilga avariyalar soni ortmoqda

Toshkent shahrida suv tarmoqlari eskirganligi sababli yildan yilga avariyalar soni ortmoqda. Bu haqda 14 yanvar kuni “O‘zsuvta'minot” AJ va “Toshkent shahar suv ta'minoti” MChJ hamkorligida o‘tkazilgan press-turda ma'lum qilindi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahri bo‘yicha jami 3700,8 km ichimlik suv tarmog‘i mavjud bo‘lib, hozirgi kunga kelib 72 foiz ichimlik suvi, 60 foizdan ortiq oqova suv tarmoqlari xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan. Buni yildan yilga ortib borayotgan suv tarmoqlaridagi avariyalar sonidan ham ko‘rish mumkin. Masalan, 2019 yil davomida 10 198ta avariya bo‘yicha ta'mirlash ishlari bajarilgan bo‘lsa, 2020 yilda qariyb 12 mingta avariyalar bartaraf etilgan. Bunday avariyalar sonining ortishi ichimlik suvi behuda yo‘qotilishiga sabab bo‘lmoqda. 

Bildirilishicha, ko‘p yillar davomida suv ta'minoti va kanalizatsiya korxonalari qarovsiz bo‘lgani sababli sohada eng kam miqdorli tarif siyosati yuritilgan va bu aholini sifatli toza ichimlik suvi bilan ta'minlashga salbiy ta'sir ko‘rsatgan.

Suv ta'minotidan kelayotgan mablag‘ ishlab chiqarish xarajatlarini qoplamagani sababli, aksariyat hollarda yangilash yoki ta'mirlash bilan bog‘liq ishlar bajarilmay qolib ketayotgani aytildi. Tizimning bunday ahvolga kelib qolishiga yana bir sabab: yillar davomida suv ta'minoti alohida tarmoq sifatida faoliyat yuritmagan. Suvdan kelgan mablag‘lar kommunal xizmatlarning boshqa maqsadlariga yo‘naltirib yuborilavergan.

Endilikda “O‘zsuvta'minot” aksiyadorlik jamiyati alohida korxona sifatida faoliyat boshladi. Shundan so‘ng kirim va chiqim masalalariga haqiqiy holatdan kelib chiqib baho berildi, deya ma'lum qilindi tadbirda.

Top