O‘zbekiston | 13:53 / 16.01.2021
37396
5 daqiqa o‘qiladi

«Kapeyka»ga chiqqan sud qarori, vazir qarorini talab qilayotgan IIB va hayratda qotgan MIB: Samarqandda g‘alati ishlar bo‘lyapti

Ichki ishlar organlari idoralaridan ma'lum bir sabablarga ko‘ra bo‘shatilgan xodim sud tartibida ishga tiklangach, Samarqand viloyat IIB turli bahonalar bilan sud qarorini ijro etishni paysalga solib kelmoqda. Huquq himoyachisi bo‘lgan organning o‘zi sud qaroriga itoat etmasligi qanchalar to‘g‘ri?

Jomboy tumanida yashovchi fuqaro Jamshid Shamanov Samarqand viloyat IIB patrul-post xizmati bataloni xizmatni tashkillashtirish guruhi inspektori vazifasida ishlagan. 2019 yil 6 may kuni ishdan bo‘shatilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2019 yil 18 iyuldagi ajrimi bilan Samarqand viloyat IIB boshlig‘ining J.Shamanovni ishdan bo‘shatishga doir buyrug‘i g‘ayriqonuniy deb topilgan. Shuningdek, sud J.Shamanovni o‘z vazifasiga ishga tiklash va majburiy progul kunlari uchun ish haqi undirish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqargan.

Sudning ana shu qarori e'lon qilinganiga ham qariyb bir yarim yil bo‘ldi. Ammo u hali hamon ijro qilingan emas. MIB viloyat boshqarmasi mazkur sud qarori ijrosi yuzasidan viloyat IIBga bir necha marta xat kiritgan. Hatto Bosh prokuraturaning Shamanovga yo‘llagan javob xatida ham sud qarorini ijro qilish uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i nomiga xatlar kiritilgani aytiladi. Ammo, natija yo‘q.

Ish beruvchi tomon esa xodimning ishga tiklanmasligiga sabab qilib Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom talablarini keltirmoqda.

Jamshid Shamanovning o‘nlab murojaatlariga IIV hamda viloyat IIB tomonidan yuborilgan javob xatlarida yuqoridagi Nizomga asosan uni ishga tiklash imkoni mavjud emasligi aytilgan.

Sud qarori «kapeyka», muhimi — Vazirning qarori

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi kadrlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Najmiddin Xalilov Prezidentning 2017 yil 29 noyabrdagi PQ-3413-sonli qarori 155-bandiga asosan sobiq xodimlarni tizimga ishga qayta qabul qilish (!) vakolati Ichki ishlar vazirining qarori asosida amalga oshiriladi, deya Shamanovning tiklanmaslik sabablarini izohlamoqda. Xuddi shu vaj ichki ishlar vazirligidan yuborilgan qator xatlarda ham aytilgan.

Ammo bu fikrlar mas'ul xodimlarning Nizom talablarini yaxshi tushunmasligidan darak bermoqda. Sababi nizomning u ta'kidlagan 155-bandida xodim jinoyati uchun sudning hukmi, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin xizmatdan bo‘shatilib, g‘ayriqonuniy ravishda jinoiy javobgarlikka tortilganligi yoxud asossiz bo‘shatilganligi tan olingan hollarda, shuningdek g‘ayriqonuniy ravishda xizmatdan bo‘shatilgan deb topilgan shaxslarni xizmatga tiklash sudning xizmatga tiklash to‘g‘risidagi qonuniy kuchga kirgan qarori yoxud O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining qarori asosida amalga oshiriladi, deyilgan.

Shamanovning keysida esa sudning ishga tiklash to‘g‘risidagi hal qiluv qarori mavjud va uni ijro etish majburiy. Aftidan vazirlik va boshqarma mas'ullari “ishga tiklash” bilan “ishga qayta qabul qilish” jumlalari o‘rtasida osmon bilan yercha farq borligini bilmaydilar.

Qonunni tushunmaslik (yoki tushunishni istamaslik) ortidan fuqaro bir yarim yildan buyon sarson qilinib, sud qarori ham nazar-pisand qilinmay kelmoqda.

Yana bir holat: muammoni o‘rganish chog‘ida IIV tomonidan fuqaroga qaytarilgan javob xatlariga e'tiboringizni qaratdik. Guvoh bo‘lganingizdek, holat o‘rganilayotgani yoxud ma'lum tartibga ko‘ra rad etilgani ma'lum qilib kelingan.

Ammo javob xatlari mazmuni ham endilikda bir-biriga zid bo‘lib qolmoqda. Jumladan, Ichki ishlar vazirligi tomonidan yaqindagina Jamshid Shamanovga yuborilgan javob xatida fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining qarorini ijro etish to‘g‘risidagi ijro varaqasi vazirlik kadrlar boshqarmasiga kelib tushmagani, shu sababdan ishga tiklash maqsadga muvofiq emas, deb topilgani ma'lum qilingan.

Fuqaro esa hayron, agar vazirlik bu hujjatdan bexabar bo‘lsa javob xatlarida «o‘rganib chiqilyapti» deb bir yil davomida nima nazarda tutilgan edi?

MIB ham hayratda...

Ijro harakatlarini olib borayotgan majburiy ijro byurosi mas'ullari ham bu holatdan lol bo‘lib, vaziyat kuzatuvchisiga aylangan. Xodimni lavozimga tiklashni so‘rab viloyat IIBga yuborgan talabnomalari esa devorga otilgan kesak kabi samarasiz bo‘lmoqda.

Samarqand viloyat IIB mas'ullari sud hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar uchun majburiy ekanligi haqidagi Konstitutsiyaviy normani unutgan. Bundan ham ayanchlisi — mas'ul mutasaddilarning bu beboshligiga chora ko‘ruvchi idora hozircha topilmayapti.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri.
Faxriddin Hotamov, tasvirchi.

Mavzuga oid