Iqtisodiyot | 18:53 / 19.01.2021
25205
11 daqiqa o‘qiladi

Moratoriy va soliq tekshiruvlari. Ularni o‘tkazish tartibi haqida batafsil

Soliq to‘lovchilarni segmentlarga ajratish, 2021 yildan qanday soliq tekshiruvlari bo‘ladi? «Tahlika-tahlil» dasturi qanday ishlaydi? Tadbirkorlar soliq tekshiruvi bo‘yicha nimalarni bilishi zarur? Shu kabi savollar yuzasidan Davlat Soliq qo‘mitasi soliq nazorati departamenti direktori Lutfullo Umurzakov bilan intervyu tashkil etildi.

Foto: Shutterstock

– 2021 yilda qanaqa tekshiruv bo‘lishi mumkin, u qanday amalga oshiriladi?

– Soliq tekshiruvlari Soliq kodeksining 137-moddasiga asosan 3 ta turda o‘tkaziladi.

Birinchi tur – «kameral» soliq tekshiruvi. Bu tekshirish Soliq kodeksining 138-moddasiga binoan, soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotlari va soliq organida mavjud bo‘lgan boshqa hujjatlar va ma'lumotlarni tahlil etish asosida o‘tkaziladi.

Kameral soliq tekshiruvi – soliq tekshiruvchilar (soliq agentlari) tomonidan soliqlar va yig‘imlar to‘g‘ri hisoblanishini o‘z vaqtida va to‘liq budjet tizimiga to‘lanishini tekshirish maqsadida soliq to‘lovchi, soliq agentlari tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotlarini va soliq organida mavjud bo‘lgan soliq to‘lovchining faoliyati to‘g‘risida boshqa ma'lumotlarni o‘rganish asosida soliq organi tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruv hisoblanadi.

Kameral tekshiruv asosida hujjatlar o‘rganilib, aniqlangan kamchilik bo‘yicha qanday chora ko‘riladi? Taqdimnoma kiritiladimi yoki jarima qo‘llanadimi?

– Agar soliq hisobotidagi tafovutlar yoki xatolar aniqlansa, soliq organi tomonidan ikki kun muddatda soliq to‘lovchiga ularni o‘n kunlik muddatda bartaraf etish to‘g‘risida talabnoma yuboriladi.

Agar kameral soliq tekshiruvi paytida soliq to‘lovchi tomonidan soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilganligi aniqlansa, tekshiruvchi mansabdor shaxs tomonidan mazkur holatlar yuzasidan dalolatnoma tuziladi (Dalolatnoma tekshiruvchi mansabdor shaxs va soliq to‘lovchi tomonidan imzolanadi).

Tekshirish natijalari soliq organi va soliq to‘lovchi ishtirokida ko‘rib chiqiladi va qaror qabul qilinadi. Soliq to‘lovchini javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorga asosan qo‘llanilgan moliyaviy sanksiya summalari soliq to‘lovchi tomonidan qaror olingan kundan e'tiboran o‘n kun muddatda ixtiyoriy ravishda to‘langanda jarima miqdori ikki baravarga kamaytiriladi, ya'ni soliq to‘lovchi 10 kun muddatda moliyaviy sanksiya summasining yarmini to‘lashi mumkin bo‘ladi.

Soliq to‘lovchi kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarorni (qo‘shimcha hisoblangan soliq va (yoki) moliyaviy jarima) bir oy ichida ixtiyoriy bajarmagan taqdirda, soliq qarzini undirish soliq organi tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, soliq to‘lovchi soliq organining qarori ustidan yuqori turuvchi soliq organiga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin bo‘ladi.

Ikkinchi tur – «sayyor» soliq tekshiruvi hisoblanadi. Bu tekshirish Soliq kodeksining 139-moddasiga binoan, soliq to‘lovchilarning soliqlar sohasidagi ayrim majburiyatlarining bajarilishini tekshirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Sayyor tekshiruv o‘tkazish tartibi va asosi qanday?

Sayyor soliq tekshiruvi soliq to‘lovchi tomonidan sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarlik to‘g‘risida jismoniy yoki yuridik shaxslarning murojaatlari, ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan ma'lumotlar, soliq xavfi elektron dasturi, valuta operatsiyalari bo‘yicha monitoringda aniqlangan holatlar, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlar ma'lumotlari asosida o‘tkaziladi.

Sayyor soliq tekshiruvi yagona tizim orqali Biznes vakilni xabardor qilish asosida o‘tkaziladi. Sayyor soliq tekshiruvida quyidagilar tekshirilishi mumkin:

Xronometraj ko‘zdan kechirish, nazorat-kassa texnikasi va hisob-kitob terminallari qo‘llanilishi, soliq to‘lovchi ishchilar soni, bozorlar, savdo komplekslari va ularga tutash bo‘lgan avtotransport vositalarining to‘xtash joylari, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari, yer qa'ridan foydalanuvchi soliq to‘lovchilar tomonidan haqiqatda qazib olingan foydali qazilmalar hajmlari, banklarda to‘lov topshiriqnomalarining va inkasso topshiriqnomalarining o‘z vaqtida bajarilishi, shuningdek, valutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, aktivlar va majburiyatlar inventarizatsiyasini o‘tkazish holatlari tekshiriladi.

– Ayrim majburiyatlarni tekshirish deganda nima nazarda tutilyapti?

– Soliq to‘lovchining ayrim majburiyatlari deganda – savdo qoidalariga rioya etilishi, shu jumladan, nazorat-kassa texnikasi va hisob-kitob terminallari qo‘llanilishi, tovarlarning qonuniy kelib chiqishini tasdiqlovchi hujjatlari mavjudligi, shuningdek, ishchilar sonini, tushumlar va ishlab chiqarish hajmlarini soliq hisobotlarida aks ettirilishi, valutani tartibga solishga doir qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi va boshqa qonunchilikda belgilangan majburiyatlar tushuniladi.

Uchinchi tur – «soliq auditi». Bu tekshirish Soliq kodeksining 140-moddasiga muvofiq, yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga mansub bo‘lgan soliq to‘lovchilarga nisbatan joyiga chiqqan holda amalga oshiriladi.

– Yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga kimlar mansub? Ularni joyiga chiqib o‘rganish tartibi qanday?

– Budjet tizimiga soliq va yig‘imlar to‘lanmasligi yoki to‘liq to‘lanmasligiga olib kelishi mumkin bo‘lgan, soliq to‘lovchi tomonidan soliq majburiyatlarini bajarmaslik soliq xavfi deb e'tirof etiladi. Soliq xavfi darajasi soliq xavfi mezonlari asosida aniqlanadi va 1 dan 100 gacha baholanadi, bunda xavf darajasi 81 dan 100 gacha bo‘lganda yuqori xavf guruhi deb belgilanadi.

– Tadbirkorlik sub'yektlari xo‘jalik va moliyaviy ishlarini tekshirishga «moratoriy» e'lon qilingan. U nima bo‘ladi?

– Xabaringiz bor, 2018 yilda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tekshirish o‘tkazishga ikki yillik moratoriy e'lon qilingan edi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli 2020 yilda «moratoriy» muddati 2021 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi. Prezidentning 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan murojaatnomasida moratoriy muddati yana bir yilga uzaytirilishi taklif etilgan. Hozirgi kunda moratoriy muddatini uzaytirish to‘g‘risida normativ hujjat loyihasi tayyorlanmoqda.

– Agar moratoriy yana uzaytirilsa, shu tekshiruvlar ham amalda qolaveradimi? Agar amal qilsa, moratoriy ahamiyati nimadan iborat?

– Soliq kodeksining 136-moddasiga asosan, soliq nazoratining quyidagi shakllari mavjud.

1) soliq tekshiruvlar (kameral , sayyor, soliq audit)

2) soliq monitoringi

Ta'kidlash joizki, e'lon qilingan moratoriy» faqat soliq auditiga tatbiq etilib, o‘z navbatida soliq auditi soliq xizmati organi xodimlari soliq to‘lovchining hududiga tashrif buyurgan holda oxirgi 5 yillik butun moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishdan iborat bo‘ladi.

Kameral soliq tekshiruvi va sayyor soliq tekshiruvlari esa, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning moliya-xo‘jalik faoliyatini to‘liq qamrab olmaydi, shuningdek, soliq monitoringi nazoratining zamonaviy usulidan iboratligini inobatga olgan holda e'lon qilingan moratoriy insofli soliq to‘lovchilarning faoliyatiga o‘z ijobiy hissasini qo‘shishiga ishonchimiz komil.

– Tahlika-tahlil dasturi haqida ma'lumot bersangiz: u qanday dastur va ishlash tartibi, moliyalash manbalari va kutilayotgan natija qanday?

– Hukumatning 2021 yil 7 yanvardagi 1-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, u soliq xavfini aniqlashga qaratilgan avtomatlashtirilgan dasturdir.  Ushbu dastur rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, soliq organlarida mavjud ichki va tashqi ma'lumotlarni umumlashtirgan holda avtomatik tarzda ishlaydi.

Dasturni ishga tushirishdan kutilayotgan natija – bu soliq qonunchiligiga rioya etilishini ta'minlash bo‘lib, kichik xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan soliq to‘lovchilarga ularni to‘g‘rilashga yordam beradi. O‘z o‘rnida, qasddan bo‘yin tovlash holatlarini ham aniqlash imkonini yaratadi.

Moliyaviy manbaga keladigan bo‘lsak, dasturning hisob-kitoblari hali oxiriga yetgani yo‘q. Davlat soliq qo‘mitasining o‘zidagi axborot texnologiyalarini hisobga olgan holda Janubiy Koreya, Turkiya, Rossiya davlatlariga borib, texnologiyalar o‘rganildi. Dasturni moliyalashtirish xarajatlari «SORJ» jamg‘armasi (Soliq organlarini rivojlantirish jamg‘armasi)ning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

– Soliq tekshiruvlarini o‘tkazish uchun soliq to‘lovchilarni segmentlarga ajratish haqida ma'lumotlar berildi, ya'ni «yashil», «sariq» «qizil» yo‘laklarga ajratish. Buning mezonlari qanday? Tadbirkorlar qanday qilib segmentlarga ajratiladi yoki chiqariladi?

– Yuqorida aytib o‘tganimizdek, tahlika-tahlil dasturi asosida soliq to‘lovchilarning soliq xavfi darajasi aniqlanadi va segmentlarga ajratiladi.

Soliq to‘lovchilarning soliq xavfi darajasi dastur orqali aniqlanadi va 1 dan 100 gacha bo‘lgan oraliqda baholanadi.

Bunda soliq to‘lovchilarni segmentlash quyidagicha toifalanadi:

  • 1 balldan 29 ballgacha to‘plagan soliq to‘lovchilar past xavf ya'ni, «yashil» yo‘lak bo‘lib, ularga nazorat tadbiri tayinlanmaydi.
  • 30 balldan 80 ballgacha to‘plagan soliq  to‘lovchilar o‘rta xavf ya'ni, «sariq» yo‘lak bo‘lib ularga «kameral» soliq tekshiruvi tayinlanadi.
  • 81 balldan 100 ballgacha to‘plagan soliq to‘lovchilar – yuqori xavf ya'ni, «qizil» yo‘lak hisoblanib, ularga «soliq auditi» tayinlanadi.

Soliq to‘lovchilarning segmentlarga ajratilishi soliq nazorati turlarining haqqoniy qo‘llanilishini ta'minlaydi. Soliq xavfi darajasi past («yashil» yo‘lakda) bo‘lgan soliq to‘lovchilarga hech qanday soliq tekshiruvlari tayinlanmaydi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Mavzuga oid