O‘zbekiston | 13:53 / 23.01.2021
21749
2 daqiqa o‘qiladi

«Andijon - Toshkent» poyezdi yo‘lovchilari vagonlar sovuq ekanini ma'lum qildi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» izoh bilan chiqdi

Bugun, 23 yanvar kuni, soat 6:15da "Andijon-Toshkent" yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lga chiqqan poyezdda sharoit yo‘qligi va talaygina muammolar borligi uchun yo‘lovchilar arz qilishmoqda.

"Vagonlar sovuq bo‘lgani uchun barcha yo‘lovchilar issiqroq o‘ranib o‘tiribdi. Ularning ko‘pchiligi isinish uchun kafe-restoranga kirib olgan. Vagon xodimlari esa ushbu muammolarni texnik nosozlik, deb bahona qilmoqda. Bilishimizcha, bunday holat har kungi qatnovlarda kuzatilmoqda", - deydi yo‘lovchilardan biri.

"Qor yog‘ib, yo‘llarda muzlamalar hosil bo‘lgan kunlarda aholining poyezd qatnoviga ehtiyoji ortib ketadi. Shunday ekan, nima uchun mutasaddilar bunga yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rib qo‘ymagan? Qachon poyezdda isitish tizimi soz holatga keltiriladi?", - deydi Kun.uz’ga murojaat qilgan yana bir fuqaro.

Vaziyatga izoh olish maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ matbuot xizmati bilan bog‘landik.

“Chindan ham bunday muammo kuzatildi. Bunga sabab ob-havoning keskin sovishi bo‘lib, yo‘lovchilar orasida temiryo‘l xizmatiga talab oshdi. Vaziyatdan kelib chiqib, poyezdlarga zudlik bilan qo‘shimcha ikkita vagon qo‘shildi. Andijondan qaytishda poyezdning isitish tizimi yaxshi ishlamadi. Yo‘lovchilarni boshqa vagonlarga o‘tkazish choralari ko‘rildi va ularga yo‘l davomida choy, qahva kabi ichimliklar tarqatildi. Bu muammo keyingi reysga qadar bartaraf qilinadi”, – dedi jamiyat matbuot kotibi Alisher Boltaboyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Mavzuga oid