15:46 / 26.01.2021
7877

Hindiston poytaxtida fermerlarning politsiya bilan to‘qnashuvi yuz berdi

 OAVning ma'lumot berishicha, fermerlar XVII asrda qurilgan Qizil qal'aga kirib borishgan va u yerda o‘z bayroqlarini o‘rnatishgan.

Foto: aninews.in

Hindiston poytaxti Nyu-Dehli shahrida qishloq xo‘jaligiga oid yangi qonunlarga qarshi chiqayotgan fermerlar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Bu haqda The Times of India nashri xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, bir necha ming nafar fermer traktor, mototsikl va otlarda "traktor namoyishi" deb nomlangan norozilik namoyishiga chiqqan.

Bir ozdan so‘ng ular va politsiya o‘rtasida to‘qnashuv boshlanib ketgan. Politsiya xodimlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina tayoqlardan foydalangan.  

OAVning ma'lumot berishicha, fermerlar XVII asrda qurilgan Qizil qal'aga kirib borishgan va u yerda o‘z bayroqlarini o‘rnatishgan.

Fermerlar hukumat o‘tgan yili kuzda qabul qilgan uchta qonunga qarshi chiqishmoqda. Namoyishchilarning fikricha, bu qonunlar hind konglomeratlariga qishloq xo‘jalik sohasini egallab olish va kafolatlangan narxlar bo‘yicha davlat xaridlari tizimini o‘zgartirish imkonini beradi.

Top