O‘zbekiston | 16:42 / 26.01.2021
5119
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz»: 2021 yilda 11 ta investitsion loyiha amalga oshirilib, 2 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi

«O‘zbekneftgaz» AJ 2020 yilda yirik investitsion loyihalarni amalga oshirdi va bu orqali minglab qo‘shimcha ishchi o‘rinlari yaratilishiga erishdi.

Koronavirus pandemiyasi bo‘lishiga qaramay, mahalliy mutaxassislar «Muborak» gazni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida investitsion loyihalarni amalga oshirib, o‘z tajribalarini yanada oshirishga muvaffaq bo‘lishdi.

2021 yilda esa yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish va bu orqali ishlab chiqarishdagi samaradorlikka erishish hamda yangi ish o‘rni yaratish bo‘yicha bir qator ishlar rejalashtirilgan.

Jumladan, «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘iga asosan, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi, «Muborak» gazni qayta ishlash zavodida yangi ishlab chiqarish quvvatlari va obektlarini ishga tushirish investitsion loyihalarni amalga oshirish ishlari boshlandi.

2021 yilda 985,8 mln dollar qiymatdagi 11 ta loyiha, jumladan, 773,9 mln dollarlik xorijiy investitsiyalar va kreditlar yordamida 8 ta loyiha amalga oshiriladi.

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining tozalangan metani negizida suyultirilgan sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish (GTL) loyihasi bo‘yicha ishlar boshlangan bo‘lib, joriy yilning avgust oyida to‘la quvvat bilan loyiha ishga tushadi.

Natijada 307,3 ming tonna kerosin, 724,6 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437,3 ming tonna nafta, 53,4 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 1321 ta ish o‘rni yaratiladi.

Sho‘rtan bosh inshootlarida gazni tseolit bilan tozalash qurilmasini modernizatsiya qilish loyihasi 20 mlrd kub metr tabiiy gazni tseolit yordamida tozalash quvvatiga ega bo‘lib, ushbu loyiha yil yakuniga qadar to‘liq amalga oshirilishi mo‘ljallanmoqda.

Sho‘rtan bosh inshootlarida gazni amin kislotasi bilan tozalash qurilmasini modernizatsiya qilish investitsion loyihasi ham shu yilda amalga oshiriladi. Dekabr oyiga qadar modernizatsiya ishlari tugatilib, 3 mlrd kub metr tabiiy gazni amin yordamida tozalash yo‘lga qo‘yiladi.

«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan amalga oshiriladigan yirik investitsion loyihalardan yana biri bu – «Muborak» gazni qayta ishlash zavodining 2-sonli qozonxonasida bug‘ turbinasini o‘rnatish orqali, ortiqcha bug‘dan elektr energiya ishlab chiqarishdir.

Loyiha amalga oshirilishi natijasida, 54 180 MVt/soat elektroenergiya ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan bo‘lib, dekabr oyiga qadar ishga tushiriladigan ushbu investitsion loyiha sabab, yana qo‘shimcha 30 ta yangi ishchi o‘rni yaratilishiga erishiladi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid