13:23 / 27.01.2021
3831

Mualliflik huquqini himoya qilishga doir yangi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi

Mualliflik huquqi buzilgan taqdirda bazaviy hisoblash miqdorining yigirma barobaridan ming barobarigacha bo‘lgan miqdorda tovon puli undirilishi mumkin. Shuningdek, mualliflik huquqining himoya muddatini yetmish yil qilib belgilashni nazarda tutuvchi tuzatish kiritilishi mumkin.

Foto: Pinterest

«Intellektual mulk obektlarining huquqiy muhofazasi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Kun.uz muxbirining xabar qilishicha, yangi qonun loyihasida muallif, turdosh huquqlar egasi yoki mutlaq huquqlarning boshqa egasi huquqbuzarlikning xususiyati va darajasidan kelib chiqib, huquqbuzardan zararning o‘rnini qoplash evaziga, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma barobaridan ming barobarigacha bo‘lgan miqdorda tovon puli undirish huquqiga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Amaldagi qonunchilikda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzganlik uchun to‘lanadigan kompensatsiyaning aniq miqdorlari belgilanmagan.

Bundan tashqari, muallif vafotidan keyin mualliflik huquqining himoya muddati yetmish yil qilib belgilanishi mumkin. Hozirgi kunda mualliflik huquqi muallifning butun hayoti davomida va uning vafotidan keyin ellik yil davomida amal qiladi.

  • Ma'lumot uchun, ushbu qonun loyihasi 25 yanvar kuni regulation.gov.uz saytida muhokamaga qo‘yilgan va muhokama 9 fevralga qadar davom etadi.

Intellektual mulk agentligi «Trimol» tovar belgisiga o‘xshash dori vositasini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarayotgan «Marrymed Pharm» MChJ masalasini o‘rganib chiqqan. Agentlik murojaatga asosan holat bo‘yicha ishni o‘rganib, Ma'muriy sudga bayonnoma kiritgandi. Natijada, «Marrymed Pharm» MChJga BHMning 3 baravari miqdorida, ya'ni 669 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi.

 

Top