Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
DBQ: Xalqaro yuk tashuvchi avtomobillar harakati onlayn kuzatib boriladi
Bojxona nazorati ostidagi tovar va transport vositalari harakatini masofadan kuzatish tizimi ishga tushadi. Tizim transport vositalariga elektron plombalar o‘rnatish orqali ishlaydi.
Avtomobilda xalqaro yuk tashishlarda elektron plombalarni qo‘llagan holda transport vositalarini kuzatib borish tizimini joriy etish to‘g‘risida hukumat qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga muhokama uchun qo‘yildi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, bojxona nazorati ostidagi tovar va transport vositalarini elektron plombalar yordamida masofadan kuzatib borish tizimi ishga tushadi.
Elektron plombalar – avtotransport vositasining harakati to‘g‘risida ma'lumotlarni saqlash va tizimga uzatish, shuningdek, uning yuk bo‘linmasiga kirish imkonini cheklovchi va xalqaro tashuvlarni amalga oshirayotgan avtotransportlarni onlayn kuzatib borish imkonini beruvchi identifikatsiyalash vositasi hisoblanadi.
Xalqaro tashuvlarni amalga oshirayotgan avtomobillar yukxonalariga elektron plombalar bojxona organlari xodimlari tomonidan o‘rnatiladi va transport vositasi manzil bojxona postiga yetib kelgach plomba yechib olinadi. Plombalar faollashtirilgach, transport vositalarining harakatini kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasining situatsion markazi hamda DBQning hududiy boshqarmalari masofaviy nazorat qilishi mumkin bo‘ladi.
Qaror loyihasida keltirilishicha, elektron plombalar tovar va transport vositalari bojxona hamrohligida kuzatib borilganda, tirik hayvonlar tashilayotganda, tovarlar «Avtomatlashtirilgan tarzda chiqarib yuborish» AAT orqali eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirilganda va qonun hujjatlariga muvofiq maxsus bojxona plombalari qo‘yishning imkoni bo‘lmagan boshqa hollarda o‘rnatilmaydi.
Avtotransportga o‘rnatilgan plomba 30 daqiqadan ortiq vaqt ichida dasturga ma'lumot yetkazmagan, plombaga shikast yetkazish va ochishga harakat qilingan, avtotransport vositasi belgilangan hududdan chetga chiqqan va plomba quvvati 10 foizdan pastga tushgan taqdirda bojxona organi xodimi tomonidan tezkor choralar ko‘rilishi belgilab qo‘yilgan.
Ma'lumot uchun, hujjat loyihasi joriy yilning 11 fevraliga qadar muhokama uchun havola etilgan.
Mavzuga oid
08:17 / 03.06.2026
Dunyoning eng gavjum temiryo‘l vokzallari reytingi e’lon qilindi
20:22 / 26.05.2026
«Toshkent – Samarqand» tezyurar avtomagistralida intellektual transport tizimi joriy etiladi
00:03 / 13.04.2026
Toshkentda intellektual transport tizimi joriy etilmoqda
09:50 / 23.03.2026