O‘zbekiston | 18:32 / 03.02.2021
2589
5 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy korxona sifatida ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik sub'yektlariga bir qator imtiyozlar berilishi nazarda tutilmoqda

Ijtimoiy korxona sifatida ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik sub'yektlariga soliq va bojxona to‘lovlari, davlat mulki obektlarini yoki ularga bo‘lgan mulkiy huquqlarni imtiyozli va «nol» qiymat bo‘yicha berish, davlat buyurtmachilariga to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar orqali ijtimoiy tovarlarni realizatsiya qilish va ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish, moliyaviy hamda soliq hisobotlarini soddalashtirilgan tartibda yuritish kabi imtiyozlar berilishi kutilmoqda.

Foto: Shutterstock

Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasida «Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayoni ketmoqda.

Palata matbuot xizmati xabariga ko‘ra, loyihada ijtimoiy korxonalarga bir qator imtiyoz va preferensiyalar berilishi ko‘zda tutilgan.

Xususan, soliq va bojxona to‘lovlari, davlat mulki obektlarini yoki ularga bo‘lgan mulkiy huquqlarni imtiyozli yoki «nol» qiymat bo‘yicha berish, davlat buyurtmachilariga to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar orqali ijtimoiy tovarlarni realizatsiya qilish va ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish, moliyaviy hamda soliq hisobotlarini soddalashtirilgan tartibda yuritish kabi imtiyozlar berilishi kutilmoqda.

Qonun loyihasida tadbirkorlik sub'yektlari quyidagi mezonlardan biriga yoki bir nechtasiga mos kelganda ijtimoiy korxona sifatida tan olinishi belgilanmoqda:

  • xodimlarining umumiy sonida aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga mansub shaxslar kamida 70 foizni tashkil etganda hamda ularning maoshi mehnatga haq to‘lash fondining 70 foizidan kam bo‘lmaganda;
  • umumiy tushum hajmining kamida 50 foizi ijtimoiy tovarlarni sotishdan yoki ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan tushumni tashkil etganda;
  • kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining umumiy tushum hajmining kamida 90 foizi ijtimoiy sohadagi faoliyatni amalga oshirishdan tushgan tushum tashkil etganda;
  • favqulodda holatlar sharoitida o‘z faoliyatini bunday holatlarga qarshi kurashish va uning oqibatlarini bartaraf etishga o‘zgartirganda.

Loyihaga ko‘ra, tegishli mezonlarga mos kelgan tadbirkorlik sub'yekti va notijorat tashkilot ijtimoiy korxona sifatida ijtimoiy korxonalarning reyestriga kiritiladi. Ro‘yxatga qo‘shilgan tashkilot o‘tgan moliya yilida olingan foydaning kamida uchdan ikki qismini keyingi moliya yili davomida ijtimoiy korxonaning faoliyatiga yoki ijtimoiy loyihalarga reinvestitsiyaga yo‘naltirilishi lozimligi ham qonun loyihasida nazarda tutilyapti.

Shuningdek, ijtimoiy korxona ijtimoiy korxona mezonlariga mos kelmay qolib ijtimoiy korxonalar reyestridan chiqarilgandan so‘ng, uni ushbu reyestrga ikki yil davomida kiritmaslik belgilangan.

Amaldagi Soliq kodeksiga muvofiq, ijtimoiy korxonalar qo‘shilgan qiymat, foyda, aylanmadan olinadigan va mol-mulk soliqlaridan ozod qilinadi. Yer solig‘ini 0,1 koeffitsiyentni qo‘llagan holda to‘laydi.

Ijtimoiy tadbirkorlik past daromadli faoliyat turi bo‘lganligi sababli, uning sub'yektlariga soliq imtiyozlaridan tashqari qo‘shimcha preferensiyalarni ham taqdim etish ko‘zda tutilgan.

Ma'lumki, reklama tarqatuvchilar reklama uchun ajratilgan efir vaqti, nashr yoki reklama maydoni umumiy yillik hajmining 5 foizida ijtimoiy reklamani bepul joylashtirishi shart. Shuning uchun ijtimoiy korxonalarga ushbu hajm doirasida ijtimoiy tovarlar va xizmatlar reklamasini bepul joylashtirish huquqini berish nazarda tutilmoqda.

Bugungi kunda ijtimoiy loyihalarning rentabelligi past bo‘lganligi sababli, ular asosan davlat tomonidan amalga oshirilmoqda.

Tadbirkorlarni ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga qiziqtirish uchun ularga davlat tomonidan subsidiya berish taklif etilyapti.

Misol uchun, Rossiyada mahalliy hokimliklar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlariga ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun 600 ming rublgacha (84 mln so‘mgacha) miqdorda subsidiyalar ajratiladi.

Qonun loyihasida ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatining moliyaviy qo‘llab-quvvatlash turlari belgilanmoqda. Jumladan, mazkur faoliyat doirasida Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan keyinchalik ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga kreditlar ajratish uchun tijorat banklarida resurslar joylashtiriladi, ijtimoiy loyihani amalga oshirish uchun ijtimoiy korxona tomonidan olinadigan kreditlar bo‘yicha kafillik beriladi va foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar to‘lanadi.

Bundan tashqari, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini belgilangan eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilganlik uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ijtimoiy korxonalarning o‘z xodimlarini o‘qitishga sarflagan xarajatlarini qoplash uchun subsidiyalar beriladi va ta'lim tashkilotlariga grantlar ajratiladi.

Алишер Рўзиохунов
Tayyorlagan Алишер Рўзиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid