Jamiyat | 15:01 / 04.02.2021
8295
3 daqiqa o‘qiladi

«Farzandlarimiz sog‘lomligini ko‘rib, nogironligimizni unutamiz» - namanganlik hunarmand ayol hikoyasi

Muharram Abdurahimova – Namangan viloyati Chust tumanidan. U shu viloyatning Uchqo‘rg‘on tumaniga kelin bo‘lib tushgan.

Muharram opa otasi vafot etganida bir oylik chaqaloq edi. 7 farzand bilan beva bo‘lib qolgan onasiga ro‘zg‘or uchun ko‘makchi kerak edi. Ko‘zida tug‘ma nuqsoni bo‘lsa-da, Muharram opa yoshligidan hunarga mehr qo‘ygan va to‘quvchilik hunarini egallagan. Shu hunari orqali onasiga, oilaga yordamchi bo‘lgan.

Muharram opani turmush o‘rtog‘ining ham imkoniyati cheklangan: gapirmaydi, eshitmaydi. Ular hayot yo‘llarida bir-biriga hamroh, suyanch bo‘lib yashashmoqda. Hozirda 3 nafar farzandlari bor. Muharram opa farzandlarining to‘rt muchasi sog‘lom ekanidan juda baxtiyor. Ularni o‘qimishli bo‘lib voyaga yetkazishni istaydi, hozirda to‘ng‘ich farzandi san'at kollejida ta'lim olmoqda.

– Mana shu farzandlarim uchun yashayman. Bolalarim: «Ona, siz nogiron emassiz, oyoq-qo‘lingiz but» deyishadi. Ular hamisha menga madad berishadi. Shularning baxtini ko‘rish uchun ham, birovdan kam qilmay voyaga yetkazish uchun ham ko‘proq ishlagim keladi, o‘zimni imkoniyati cheklangan deb hisoblamayman. Lekin ba'zida sog‘lom bo‘la turib, hayotidan nolib yashayotgan boqimanda insonlarni ko‘rsam, shukr qilaman va men o‘zimni ulardan ruhan kuchli deb hisoblayman. Charchasam yoki tushkunlikka tushsam ham to‘qiyman va shunda ancha yengil tortaman, – deydi qahramonimiz.

Muharram opa hunardan topgan daromadi orqali umr yo‘ldoshining bandligini ta'minlashga ham ko‘maklashgan, turmush o‘rtog‘i hozirda uyda chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Ular mana shu mehnatlari evaziga uy-joyli bo‘lishgan.

«Mehnat qilib, rizq topishga qodir qilib qo‘ygani uchun ham shukr qilaman», – deydi hunar egasi.

Qahramonimizning shogirdlari anchagina ko‘p. Kim shu hunarga qiziqib qolsa, xursand bo‘ladi va albatta to‘qish sirlarini o‘rgatadi. Ayni kunda o‘zi kabi imkoniyati cheklangan ayollardan 40 nafariga va tumandagi yoshlarga ham to‘qishni o‘rgatyapti.

Unga tuman hokimligidan 10 ta to‘quv dastgohi olib berildi va to‘quv kurslari uchun joy ajratib berildi.

Ma'lumot uchun, Uchqo‘rg‘on tumanida 1746 nafar «Ayollar daftari»dagi xotin-qizlardan 208 nafarini ijtimoiy ko‘makka muhtoj, nogironligi bor bo‘lgan ayollar tashkil etadi.

Mavzuga oid