08:33 / 05.02.2021
4434

Qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilarga bojxona imtiyozlari berildi

Prezidentning «Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tarmog‘ida sog‘lom raqobat muhitini yaratishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
 
Hujjatga muvofiq qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tarmog‘ida faoliyat yurituvchi mahalliy qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqaruvchilar:

  • respublikada ishlab chiqarilmaydigan ehtiyot qismlari va butlovchi buyumlarni qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish va unga servis xizmatini ko‘rsatish uchun import qilishda belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha 2022 yil 1 yanvarga qadar bojxona to‘lovlaridan (QQS va bojxona yig‘imidan tashqari) ozod qilinadi;
  • qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish va unga servis xizmatini ko‘rsatish uchun butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarni import qilishda tovarlar erkin muomalaga (importga) chiqarishning bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab QQSni 270 kun kechiktirib to‘lashiga ruxsat beriladi.

Import qilinadigan ehtiyot qismlari va butlovchi buyumlar ro‘yxatlari va ularga tuzatishlar imtiyoz berilgan tashkilot tomonidan shakllantiriladi. Ular yuzasidan «Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» DUKning ijobiy xulosasi olingan taqdirda, import qiluvchi har qanday tashkilotlar ro‘yxatda ko‘rsatilgan tovarlarni belgilangan tartibda import qilish huquqiga ega bo‘ladi. 
 
Import qilingan tovarlardan maqsadli foydalanish uchun import qilgan tashkilotlar rahbarlari shaxsan mas'ul hisoblanadi.

Top