O‘zbekiston | 22:08 / 06.02.2021
5798
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Xalqlar do‘stligi kuni belgilanmoqda

Aslida bu kunni nishonlash fikri 2020 yildagi davlat dasturiga kiritilgan bo‘lgan. Dastavval “Xalqlar do‘stligi va umumxalq birdamlik kuni”, deb nomlanib, nishonlash 1 iyul kuniga mo‘ljallangan yangi umumxalq bayramini o‘tkazishga ko‘p ehtimol bilan koronavirus pandemiyasi to‘sqinlik qilgan.

Kuni kecha “Taraqqiyot strategiyasi” markazi O‘zbekiston prezidenti shu yil 3 fevralda imzolagan 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining to‘liq matnini o‘z sahifasiga joylashtirdi. Avvalroq uning xomaki shakli ma'lum muddat mobaynida hozirda kirilsa bo‘m-bo‘sh sahifa namoyon bo‘layotgan 2021.strategy.uz saytida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi.

E'lon qilingan dasturning 255- va 256-bandlarida “Xalqlar do‘stligi» kunini belgilash haqida gap boradi. Chunonchi, 255-bandda 30 iyul – Xalqaro do‘stlik kunini yurtimizda “Xalqlar do‘stligi kuni” sifatida belgilashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Tadbir ijrosiga mas'ul sifatida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hamda Adliya vazirligi ko‘rsatilgan. Uning bajarilishi muddati esa 1 aprel etib belgilangan.

256-bandda yuqoridagi idoralar Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 30 iyulda “Do‘stlik haftaligi” va “Do‘stlik” xalqaro forum-festivalini o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining millatlararo totuvlikni mustahkamlash sohasidagi obro‘yini yanada targ‘ib qilish bo‘yicha aniq tadbirlarni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi loyihasini tayyorlash vazifasi yuklatilib, uning sarf-xarajatlar smetasi uchun 6 mlrd. so‘m sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Ma'lumki, “Xalqlar do‘stligi kunini” nishonlash tashabbusini prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 29 dekabrda o‘zining Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surgan edi. O‘shanda, u “jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarimizni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqamiz. Barchangizga ma'lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi bilan har yili 30 iyul – Xalqaro do‘stlik kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu bois ushbu sanani O‘zbekistonda “Xalqlar do‘stligi kuni” deb belgilashni” taklif etgan edi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2021 yil 27 yanvar kungi navbatdagi majlisida deputatlar “Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqib, qabul qilgan edilar. Parlament veb sahifasida shu mavzu bo‘yicha bo‘lib o‘tgan majlis bayonotida “Xalqlar do‘stligi kunini bayram qilishdan asosiy maqsad — insonlar, xalqlar, davlatlar – umuman olganda jamiyatning turli qatlamlari hamda tuzilmalari o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikni mustahkamlash va do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan iborat”, deyilgan.

 So‘ngra mazkur masala qonunga aylanishining keyingi bosqichi bo‘lmish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 5 fevraldagi XII yalpi majlisida muhokama qilinib, ma'qullandi. Senat axborot xizmati tarqatgan xabarda “Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida xalqimizga xos bag‘rikenglik va azaliy do‘stlik g‘oyalari ifoda topgan”, deyiladi.

Shuningdek, qisqa satrlarda keltirilgan, ammo qonunchilik jarayoni tarixiga doir ahamiyatga molik Senat axborotiga ko‘ra, aslida “Xalqlar do‘stligi kuni”ni nishonlash fikri 2020 yil 2 martda tasdiqlangan “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” davlat dasturiga kiritilgan bo‘lgan. O‘tgan yilgi prezident farmonida u dastlab “Xalqlar do‘stligi va umumxalq birdamlik kuni”, deb nomlangan hamda uni nishonlash 1 iyul kuniga mo‘ljallangan bo‘lgan. Ko‘p ehtimol bilan rejalashtirilgan tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish va keng nishonlashga koronavirus pandemiyasi xalaqit bergan.

Ilk bor “Xalqaro do‘stlik kuni” 1958 yilning 30 iyulida Lotin Amerikasida joylashgan Paragvay davlatida “notanish amigo”ga sovg‘a berish sifatida nishonlangan. Xalqaro munosabatlarning teng huquqli a'zosi sifatida e'tirof etilgan dunyoning 193 davlati a'zo Birlashgan Millatlar Tashkilotiga Orol dengiziga ham kelib yoqasini ushlab qolgan koreyalik davlat arbobi, diplomat Pan Gi Mun bosh kotib bo‘lgan davrda 30 iyul Xalqaro do‘stlik kuni, deb e'lon qilingan.

BMT Bosh assambleyasining 65-sessiyasida, 2011 yil 27 aprelda qabul qilingan rezolyutsiyasi loyihasiga 43 davlat qo‘shilgan. Uni sobiq sovet respublikalaridan Armaniston, Ozarboyjon, Gruziya va Moldova qo‘llab-quvvatlagan. Birlamchi imzo chekkanlar ro‘yxatida O‘zbekiston mavjud emas.

Do‘stlik kunini nishonlash YuNeSKOning o‘zaro toqatlilik ruhini singdirish va mavjud nizolarni murosa yo‘li bilan hal etishdan iborat tinchlik madaniyati tamoyillariga to‘la hamohang keladi. Hozirda bu kun Argentina, Braziliya, Ispaniya va Urugvayda 20 iyulda, Boliviyada 23 iyulda, AQSh, Bangladesh, Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya, Singapur va Hindistonda esa avgust oyining birinchi yakshanbasida nishonlanadi.

O‘zbekistonda yuzdan ortiq milliy madaniy markaz va xorijdagi vatandoshlarning boshini qovushtirib turuvchi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining boshqa qator missiyalari sirasiga “jamiyatda millatlararo hamjihatlik va bag‘rikenglikni ta'minlashga qaratilgan davlat siyosatini izchil amalga oshirish, do‘stlik va ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usi muhitini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash” kiradi. Mamlakat parlamentining ikki palatasi tomonidan qabul qilinib, ma'qullangan “Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunga prezident imzo chekib, matbuotda e'lon qilingan kundan boshlab yuridik kuchga kiradi.

Dunyoda o‘zbekning bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik va mardlik fazilatlarini tarannum etuvchi, II jahon urushi pallasida so‘nggi burda nonini millat va din ajratmay baham ko‘ra olgan yuksak insoniy xislatlar ramzi bo‘lmish Shoahmad Shomahmudovlar oilasiga bag‘ishlangan haykal, “Xalqlar do‘stligi” nomi bilan ataluvchi konsert saroyi, metro bekati, bosh maydon va shohko‘cha 2008 yilda sobiq sovet o‘lkalarida avjiga chiqqan “haykallar va madaniy janglar” qurboniga aylanib, 2018 yil aprelda qayta tiklandi.  

 Zabixulla Saipov,
siyosiy fanlar nomzodi, mustaqil tadqiqotchi.

Mavzuga oid