15:17 / 08.02.2021
5618

JAR AstraZeneca vaksinasi bilan emlashni to‘xtatdi. Bu vaksina mahalliy shtammga qarshi samarasizligi aytilmoqda

Foto: Olivier Chassignole / Pool via AP

JAR hukumati shvetsiyaliklar va britaniyaliklar kompaniyasi tomonidan tayyorlangan AstraZeneca vaksinasi bilan emlash jarayonini keyinga qoldirdi. Reuters agentligi xabariga ko‘ra, bunga olimlar ushbu vaksina Janubiy Afrikadagi koronavirus shtammiga qarshi samarali emasligi haqida xulosa bergani sabab bo‘lgan.

JAR sog‘liqni saqlash vaziri Zveli Mxize AstraZeneca vaksinalarini qo‘llash bo‘yicha qaror olimlar bilan maslahatlashuvdan keyin qabul qilinishini ma'lum qilgan. Shu bilan birga, u fevralda emlashni boshlash bo‘yicha reja o‘zgarmasligini, AstraZeneca vaksinalari o‘rniga Amerikaning Pfizer va Johnson & Johnson kompaniyalari vaksinalaridan foydalanilishini ma'lum qilgan.

JAR Pfizer kompaniyasiga 20 million doza, Johnson & Johnson vaksinalariga 9 million doza buyurtma qilgan. AstraZeneca bilan esa 1,5 million doza vaksina bo‘yicha kelishuvga erishilgan, 1 fevral kuni million doza vaksina yetkazib berilgandi. Xabar qilishlaricha, JAR shved-britan vaksinalarining har bir dozasi uchun 5,25 dollardan to‘lagan — bu Afrika va hatto Yevroittifoq uchun belgilangan narxlardan qimmatroq.

7 fevral kuni Buyuk Britaniya va JAR olimlari AstraZeneca vaksinasi Janubiy Afrikadagi koronavirus shtammi keltirib chiqargan kasallikning yengil va o‘rta darajadagi shakllariga qarshi naf bermayotganini ta'kidlashgan: ushbu vaksina bilan emlangan guruhda 748 kishidan 19 nafari kasal bo‘lgan, platsebo guruhida esa 714 kishidan — 20 nafari. Preparatning kasallikning og‘ir formasiga qarshi samaradorligi va uning o‘lim holatlariga ta'siri o‘rganilmagan. Tadqiqotlar tor doirada o‘tkazilgan va natijalar hali ilmiy jurnallarda nashr qilinmagan.

AstraZeneca kompaniyasidagilar tadqiqotlar keng ko‘lamda o‘tkazilmagani, unda ishtirok etganlarning aksarini yoshlar tashkil qilishi va shu tufayli natijalar to‘laqonli deb hisoblanmasligini ma'lum qilgan. Kompaniya vaksina koronavirusni og‘ir shaklda o‘tkazayotgan bemorlarda samarali bo‘lishini, preparat 2021 yil kuziga qadar Janubiy Afrika shtammiga qarshi moslashtirilishini qo‘shimcha qilgan.

  • Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, JARda pandemiya boshidan buyon 1,476 million kasallanish holati qayd etilgan. 1,36 million bemor tuzalgan, 46 ming kishi vafot etgan.
  • Hozirda mamlakatning katta qismida 2020 yil oxirida aniqlangan koronavirusning Janubiy Afrika varianti keng tarqalgan. Bu shtamm nisbatan tez yuquvchan va emlashga chidamli hisoblanadi.
  • Noyabr oyida AstraZeneca kompaniyasi koronavirusga qarshi o‘z vaksinasi samaradorligi 70 foiz atrofida ekanini ma'lum qilgandi. Shu bilan birga, samaradorlik emlash tartibiga ko‘ra turlicha bo‘ladi. Ikki doza to‘liq qabul qilinganda samaradorlik 62 foizni, dastlab yarim doza, keyin to‘liq doza qabul qilinganda esa — 90 foizni tashkil etadi.
Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top